Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2025-11-17 17:00:00 / Rasmiy munosabat

Kun.uz nashrida Surxondaryo viloyatidagi tanlov jarayoniga oid material eʼlon qilingani munosabati bilan mazkur masalaga aniqlik kiritish maqsadida quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Qurilish sohasida davlat xaridlari “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali inson omilisiz, toʻliq elektron tarzda amalga oshirilishi, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratilishi hamda jarayonlar ustidan jamoatchilik nazorati taʼminlanishi vazirlikning ustuvor vazifalaridan biridir. Shu sababli eʼtirozlar yuzasidan aniq faktlar asosida maʼlumot berish muhim deb hisoblaymiz.
Joriy yilning 29-avgustida “Surxondaryo viloyati Boysun tumani “Xongaronsaroy” sel suv omborining nasos stansiyasi va suv uzatish quvurlarini qurish orqali ekin maydonlarining suv taʼminotini yaxshilash” obyekti boʻyicha tanlov eʼloni berilgan. Mazkur eʼlonga asosan 3 ta pudrat tashkiloti tenderda ishtirok uchun hujjat topshirgan.
Maʼulmot uchun: Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-yanvardagi 46-son qaroriga koʻra, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi orqali elektron tenderlarga ishtirok etmoqchi boʻlgan tashkilotlar platforma tomonidan avtomatik ravishda ikki marotaba tekshiriladi. Xususan:
- birinchi tekshiruv ishtirokchi oʻz taklifini yuklashdan oldin amalga oshiriladi (tekshiruvdan ijobiy oʻtganidan soʻng tenderda ishtirok etishga platforma tomonidan ruxsat beriladi);
- ikkinchi tekshiruv tender jarayoni boshlanishidan oldin yana qayta oʻtkaziladi. Chunki orada sud qarorlari bilan qarzdorlik yoki boshqa taqiqlar yuzaga kelishi mumkin.
Shuni alohida qayd etish kerakki, platformadagi barcha tekshiruvlar inson omilisiz, avtomatik tarzda, tegishli vazirlik va idoralarning elektron bazalari bilan integratsiya asosida amalga oshiriladi. Jumladan, soliq qarzdorligi boʻyicha maʼlumotlar Davlat soliq qoʻmitasining elektron bazasi orqali avtomatik tekshiriladi.
“FAXRIDDIN” MCHJ tomonidan tenderga hujjat topshirilgan vaqtda, yaʼni 2025-yil 17-sentabr soat 08:57:12 holatiga koʻra, birinchi tekshiruvda soliqdan qarzdorlik mavjud boʻlmagan. Biroq 2025-yil 18-sentabr soat 09:50:20 da tender jarayoni boshlanishidan oldin ikkinchi tekshiruv oʻtkazilganda, “FAXRIDDIN” MCHJning 2,3 mln. soʻm miqdorida soliqdan qarzdorligi mavjudligi aniqlangan. Shu asosda platforma mazkur ishtirokchini tenderdan avtomatik tarzda chetlatgan.
Surxondaryo viloyati Denov tumanlararo iqtisodiy sudining 2025-yil 29-oktabrdagi 4-1905-2502/8987-sonli qarorida soliq tizimining elektron maʼlumotlar bazasida mazkur qarzdorlik sunʼiy ravishda shakllanganligi koʻrsatilganligi sababli tender natijalari bekor qilingan.
Shu oʻrinda yana bir bor eslatib oʻtamiz, Vazirlar Mahkamasining 46-son qaroriga muvofiq, “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi tegishli vazirlik va idoralarning elektron bazalariga integratsiya qilingan holda butkul inson omilisiz ishlaydi. Integratsiya orqali tizimga uzatilayotgan vazirlik va idoralarni elektron maʼlumotlarning haqqoniyligi uchun ushbu bazalarni shakllantiruvchi vazirlik va idoralar masʼul hisoblanadi.
“Shaffof qurilish” tizimi orqali qurilish sohasidagi davlat xaridlari toʻliq ochiq tarzda amalga oshiriladi. Platformada ishtirokchilar sonidan tortib, ballarning shakllanishi va gʻolibni aniqlash jarayonigacha boʻlgan barcha bosqichlar jamoatchilik uchun ochiq boʻlib, tender yakunlari jamoatchilikning ijobiy muhokamasidan soʻng tasdiqlanadi
