Andijon yoshlar texnoparkida press-tur tashkil etildi
2025-07-16 19:30:00 / Yangiliklar

Andijon yoshlar texnoparkida mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari va faol yoshlar ishtirokida press-tur tashkil etildi. Tadbir davomida ishtirokchilar texnoparkning zamonaviy infratuzilmasi, texnik imkoniyatlari, laboratoriyalari hamda “InnoX” dasturining natijalari bilan yaqindan tanishdilar.
Mazkur texnopark O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 22-maydagi 313-sonli qaroriga asosan tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi — yoshlarni ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasiga jalb etish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va raqobatbardosh kasblarga o‘rgatishdan iborat.
O‘tgan davr mobaynida texnopark tomonidan 8 300 nafar yoshlar zamonaviy ta’lim, innovatsion va ishlab chiqarish jarayonlariga jalb etildi. Bunda “InnoX” biznes-inkubator va akselerator dasturi muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. 2024-2025-yillarning shu kungacha bo‘lgan davrida dasturning 3 ta mavsum tashkil etilib, 503 nafar yoshdan ariza qabul qilindi. Ulardan 140 nafari dasturga jalb etildi, natijada 82 ta startap loyiha ishlab chiqildi. Ushbu loyihalar 225 ta mahalliy va xalqaro grant dasturlariga — jumladan, “President Tech Award”, “Akademik harakatchanlik”, “Tumar Venture Fund”, “Bo‘lajak olim”, “EcoExpo 2025”, “Aloqa Venture” kabi tanlovlarga yo‘naltirildi. Natijada, 29 ta startap loyiha umumiy qiymati 8,31 milliard so‘m miqdorida investitsiya jalb qila oldi.
2025-yil aprel oyida “Aloqa Venture” tomonidan tashkil etilgan “Investorlar kuni” tadbirida texnopark ishtirokchilarining “SpaceAgro” va “EduCompass” loyihalari har biri 20 000 AQSH dollari, “Tokcha” loyihasi esa 30 000 AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Shuningdek, yoshlarni zamonaviy kasblarga tayyorlash, malakali kadrlar yetishtirish maqsadida viloyatdagi professional va umumta’lim muassasalari bilan hamkorlikda “Kelajak kasblari” loyihasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasida Andijon viloyatidagi 8 ta professional va 30 ta umumta’lim maktablarining 2 400 nafardan ortiq o‘quvchisi uchun “Web dasturlash”, “Grafik dizayn” hamda “SMM” yo‘nalishlarida 25 dan ortiq mahorat darslari o‘tkazildi.
Bugungi kunda texnoparkda 10 dan ortiq zamonaviy yo‘nalishlar — jumladan, “Web dasturlash”, “SMM”, “Grafik va web dizayn”, “Kompyuter savodxonligi”, “Robototexnika”, “Kiberxavfsizlik”, “Mobil dasturlash” bo‘yicha o‘quv kurslari faoliyat olib bormoqda. Ularda hozirda 155 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda.
Shuningdek, texnopark tarkibidagi “FabLab” laboratoriyasi yuqori aniqlikdagi prototiplash, 3D bosma, metallga ishlov berish, lazer texnologiyalari bilan jihozlangan. 2025-yilning dastlabki 6 oyi davomida bu yerda 10 dan ortiq muhandislik ishlanmalari ishlab chiqildi. Laboratoriya infratuzilmasini modernizatsiya qilish ishlari ham bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda — hozirgi kunda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Farg‘ona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida 15 ta zamonaviy uskuna olib kelingan.
Press-tur davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.







