Yosh olim genomik seleksiya bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladi
2026-05-12 17:50:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida tashkil etilgan dastur doirasida amalga oshirilgan ushbu stajirovka davomida yosh tadqiqotchi molekulyar genetika, bioinformatika, genom seleksiyasi va biotexnologiya yo‘nalishlarida zamonaviy ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etdi.
Qozondagi ilmiy markazlarda olib borilgan tadqiqotlar davomida Rossiya va O‘zbekiston o‘simlik florasining genetik o‘xshashligi hamda evolyutsion bog‘liqligi bo‘yicha ilmiy tahlillar amalga oshirildi. Dorivor va xo‘jalik ahamiyatiga ega o‘simliklarning genetik resurslarini o‘rganish, ularning biologik salohiyatini baholash va seleksiya imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashildi.
Stajirovkaning muhim jihatlaridan biri shundaki, Refat Bakeyev zamonaviy molekulyar-genetik laboratoriyalarda qo‘llaniladigan ilg‘or texnologiyalar bilan bevosita ishlash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xususan, o‘simliklardan DNK ajratib olish, uning sifati va konsentratsiyasini aniqlash, PCR hamda Real-Time PCR texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy tajribalar o‘tkazildi. Shuningdek, SNP, SSR, SCAR va CAPS markerlari asosida genetik identifikatsiya va genotiplash usullari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borildi.
Bioinformatik platformalar yordamida genetik ma’lumotlarni tahlil qilish va statistik qayta ishlash usullari ham amaliyotda sinovdan o‘tkazildi. Bu esa genom seleksiyasi, qishloq xo‘jaligi va dorivor o‘simliklar seleksiyasi kabi yo‘nalishlarda yangi ilmiy yondashuvlarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Ilmiy-amaliy mashg‘ulotlar davomida termotsiklerlar, elektroforez tizimlari, spektrofotometrlar va genetik analiz uskunalari bilan ishlash ko‘nikmalari mustahkamlandi. Shu bilan birga, xalqaro laboratoriya standartlari, bioxavfsizlik qoidalari hamda ilmiy tadqiqotlarni rasmiylashtirish bo‘yicha tajriba orttirildi.
Mutaxassislarning fikricha, bunday xalqaro stajirovkalar yosh olimlarning ilmiy salohiyatini oshirish bilan birga, O‘zbekistonda genetika va biotexnologiya yo‘nalishlarida olib borilayotgan tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqadi. Ayniqsa, dorivor o‘simliklarning genetik imkoniyatlarini o‘rganish, ularni in vitro sharoitida mikroklonal ko‘paytirish va fiziologik faol moddalar biosintezini tadqiq etish kabi yo‘nalishlarda bu tajriba muhim ilmiy asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin.
Eng muhimi, bunday ilmiy almashinuvlar ikki davlat ilmiy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlab, O‘zbekiston yoshlarining xalqaro ilmiy maydondagi ishtirokini kengaytirmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.

