O‘zbekistonda texnoparklar rivojining yangi bosqichi: Koreya tajribasi asosida milliy strategiya ishlab chiqilmoqda
2026-05-07 18:30:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 7-may kuni Innovatsion rivojlanish agentligida Koreyaning Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) ekspertlari bilan navbatdagi amaliy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot 2025–2027-yillarga mo‘ljallangan “Texnoparklar bo‘yicha O‘zbekiston milliy strategiyasi” loyihasini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamdir.
Koreya Respublikasining K-Innovatsion hamkorlik dasturi doirasida amalga oshirilayotgan ushbu loyihaga 450 ming AQSh dollari miqdorida beg‘araz ko‘mak mablag‘lari yo‘naltirilgan. Maqsad — Janubiy Koreyaning texnologik yutug‘ida muhim o‘rin tutgan texnoparklar modelini O‘zbekiston sharoitiga moslashtirish va milliy strategiyani shakllantirishdir.
Joriy yilning 4–7-may kunlari davom etgan STEPI ekspertlarining tashrifi davomida O‘zbekistondagi texnoparklarning infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish sifati va duch kelayotgan to‘siqlari atroflicha o‘rganildi. Startaplarni qo‘llab-quvvatlash, biznes-inkubatsiya tizimini takomillashtirish va innovatsion ekotizimga xususiy investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.
Yangi strategiya natijasida mahalliy texnoparklar faoliyati yangicha yondashuv asosida tashkil etiladi. Bu nafaqat ko‘rsatilayotgan xizmatlar jozibadorligini oshiradi, balki mamlakatimizda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun poydevor bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: K-Innovatsion hamkorlik dasturi 2014-yilda Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) tomonidan Koreya va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida fan, texnologiyalar va innovatsiyalar siyosati hamkorligi platformasi sifatida boshlangan. O‘zbekiston ushbu dasturda 2014-yildan buyon birinchi marta g‘olib bo‘ldi.
Fan va texnologiya siyosati instituti (STEPI) 1987-yilda tashkil etilgan Koreya Respublikasining hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan tadqiqot tashkiloti hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi milliy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va global raqobatbardoshlikni oshirish uchun fan, texnologiya va innovatsiyalar sohalarida siyosiy tadqiqotlar va tahlillarni ta’minlashdan iborat. STEPI dunyoning eng nufuzli tahlil markazlari reytingida yuqori 5-o‘rinni egallab kelmoqda.







