O‘zbekiston va ICBA: Qoraqalpog‘istonda barqaror qishloq xo‘jaligi yangi bosqichda
2026-05-06 17:55:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 6-may kuni Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b Asror Norov hamda Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) bosh direktori, doktor Tarifa Alzaabi o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida Qoraqalpog‘istonda barqaror qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, O‘rolbo‘yi hududining ekologik barqarorligini ta’minlashga qaratilgan masalalar muhokama qilindi.
Uchrashuvda Abu-Dabi Taraqqiyot Jamg‘armasi ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasida ICBA bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha natijalari tahlil qilindi. Xususan, tashkil etilgan tajriba maydonlari, sho‘rga chidamli ekin turlarining mahalliylashtirilishi hamda tejamkor sug‘orish tizimlarining tatbiq etilishi ekologik murakkab hududlarda barqaror dehqonchilikni rivojlantirishda muhim poydevor bo‘layotgani alohida e’tirof etildi. Tomonlar loyiha doirasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish va innovatsion yechimlarni amaliyotga to‘liq joriy etish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Muloqot davomida iqlimga chidamli hamda resurs tejovchi qishloq xo‘jaligini barpo etish O‘zbekistonning strategik ustuvor vazifasi ekani alohida ta’kidlandi. Xususan, Davlatimiz rahbari boshchiligida ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish, intellektual salohiyatni iqtisodiyotning real sektoriga samarali integratsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ahamiyati qayd etildi.
Muzokaralar natijasida, innovatsiyalarni bevosita amaliyotga tatbiq etish maqsadida, Nukus shahridagi texnoparkda 200 nafar qoraqalpog‘istonlik fermer uchun ICBAning maxsus o‘quv dasturini yo‘lga qo‘yish yuzasidan kelishib oldilar. Unda fermerlar sho‘rlangan tuproq sharoitida yuqori hosildorlikka erishish va suv resurslarini samarali boshqarish bo‘yicha eng so‘nggi texnologik yechimlar bilan yaqindan tanishadilar.





