Ilm-fan sari xalqaro qadam: TOSHVZITI tadqiqotchisi Vengriyada ilg‘or tajriba orttirdi
2026-05-05 14:55:00 / Yangiliklar

Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xalqaro ilmiy hamkorlikdagi ishtirokini kengaytirish maqsadida xorijiy ilmiy tashkilotlarda stajirovka dasturi tizimli ravishda moliyalashtirilib kelinmoqda. Mazkur dastur doirasida Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti (TOSHVZITI) tadqiqotchisi Mohinabonu Savurova 2026-yil 16-fevraldan 29-martga qadar Vengriyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — “Debrecen” Universitetida ilmiy stajirovka o‘tadi.
Ushbu stajirovka yosh olimaning ilmiy salohiyatini oshirish, zamonaviy laboratoriya usullari bilan tanishish hamda ilg‘or ilmiy yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etish imkonini berdi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida u biotexnologiya va farmatsevtika yo‘nalishlarida dolzarb hisoblangan bir qator ilmiy tadqiqotlar olib bordi.
Xususan, Caco-2 va HaCaT hujayra liniyalarida “in-vitro” tajribalar o‘tkazilib, nanoemulsiya asosidagi dori yetkazib berish tizimlarini ishlab chiqish va ularning xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha izlanishlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, hujayra hayotiyligini aniqlash maqsadida MTT assay, antioksidant faollikni baholash uchun esa DPPH assay usullaridan foydalanildi. Bioaktiv moddalar samaradorligi va ularning sitotoksik xususiyatlarini tahlil qilish ham tadqiqotning muhim qismi bo‘ldi.
Stajirovka jarayonida Mohinabonu Savurova eksperimental dizaynni to‘g‘ri tashkil etish, laboratoriya jarayonlarini optimallashtirish, shuningdek, olingan natijalarni ilmiy va statistik jihatdan tahlil qilish bo‘yicha muhim amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ldi. Bu esa uning kelgusidagi ilmiy faoliyatida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlash joizki, bunday xalqaro stajirovkalar yosh olimlarning ilmiy dunyoqarashini kengaytirish, ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish va ularni milliy ilm-fan rivojiga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur stajirovka davomida orttirilgan bilim va tajribalar esa O‘zbekistonda biotexnologiya va farmatsevtika sohalarida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.




