Jizzaxlik olima Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida ilmiy stajirovka o‘tab qaytdi
2026-04-28 20:25:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan e’lon qilingan ilmiy stajirovka tanlovi g‘olibi, Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti Anora Jabborova Buyuk Britaniyaning Portsmut universitetida ilmiy malakasini oshirib qaytdi.
Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan dastur doirasida Portsmut universitetining o‘quv jarayonlari, ilmiy tadqiqot metodologiyasi hamda zamonaviy pedagogik texnologiyalari o‘rganildi. Stajirovka davomida ingliz tilini o‘qitishda autentik materiallardan foydalanish va talabalarning nutq ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha Britaniya tajribasi tahlil qilindi, shuningdek, universitet professor-o‘qituvchilari bilan ilmiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, xorijiy universitetning kutubxona resurslari va ilmiy ma’lumotlar bazalaridan foydalangan holda tadqiqot ishlari olib borildi hamda ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Stajirovka yakunida bir qator muhim ilmiy-amaliy natijalarga erishildi. Xususan, zamonaviy til o‘qitish metodikasi va “translanguaging” yondashuvini yorituvchi monografiya nashr etildi hamda “Scopus” bazasidagi xalqaro ilmiy jurnalda maqola chop etildi. Olingan natijalar xalqaro ilmiy seminar va konferensiyalarda taqdim etilib, mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi.
Amaliy jihatdan ingliz tilini o‘qitishda interaktiv texnologiyalarni qo‘llash bo‘yicha metodik tavsiyalar ishlab chiqish hamda yangi o‘quv materiallarini yaratish uchun ilmiy asos shakllantirildi. Mazkur natijalar Jizzax davlat pedagogika universitetida o‘quv jarayonini modernizatsiya qilish va xalqaro tajribani ta’lim tizimiga joriy etishga xizmat qiladi.



