O‘zbekiston - Xitoy: startaplar va innovatsiyalar sohasida strategik hamkorlik kuchaymoqda
2026-04-16 09:45:00 / Yangiliklar

Ayni damda Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov boshchiligidagi delegatsiyamiz vakillari “HICOOL” global innovatsiya va tadbirkorlik ekotizimi rahbariyati bilan rasmiy uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli muloqot innovatsiya va ta’lim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirishning amaliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida “HICOOL” modeli asosida qo‘shma inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma startap va innovatsiyalar markazini tashkil etish hamda istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus venchur fondini tuzish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muloqot so‘ngida xitoylik hamkorlar “InnoWeek.Uz–2026” xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligida ishtirok etishga taklif qilindi.
Ma’lumot uchun, “HICOOL” platformasi 2020-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirga qadar u dunyoning 167 davlatidan 34 mingdan ortiq startapni birlashtirgan bo‘lib, loyiha doirasida jami 7,4 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiya jalb qilingan.
