O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida innovatsion ta’lim va spin-off ekotizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
2026-04-08 19:40:00 / Yangiliklar

Bugun Innovatsion rivojlanish agentligida Janubiy Koreyaning nufuzli Cheju Halla universiteti (Cheju Halla University) delegatsiyasi vakillari bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — ikki mamlakat o‘rtasida ilmiy-innovatsion hamkorlikni kengaytirish, kadrlar almashinuvi hamda oliy ta’lim muassasalari qoshida innovatsion korxonalarni tashkil etishda Koreya tajribasini tatbiq qilish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuvda universitetlar qoshida spin-off (innovatsion startap) kompaniyalarini tashkil qilish va ularni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tilib, Janubiy Koreyaning bu boradagi boy tajribasini O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari ekotizimiga integratsiya qilish bo‘yicha kelishib olindi.
Shuningdek, o‘zbek talabalar uchun maxsus almashinuv dasturlari hamda yosh olimlar uchun mazkur universitetning turli xil yo‘nalishlardagi laboratoriya va amaliy zonalarida qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida texnologik transfer jarayonlarini osonlashtirish uchun til o‘rgatish dasturlarini hamkorlikda takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha qo‘shma "Yo‘l xaritasi"ni ishlab chiqish va istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish mexanizmlarini ko‘rib chiqishga kelishib oldilar.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda universitet va sanoat integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.



