Xitoyda doktorantura yo‘nalishida ta’lim olish uchun grant dasturi e’lon qilindi
2026-03-12 19:30:00 / Yangiliklar

2025-yil 22-noyabr kuni Janubiy Afrika Respublikasining Yohannesburg shahrida bo‘lib o‘tgan G20 sammiti doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Qiang tomonidan Global taraqqiyot instituti (Institute of Global Development) tashkil etilishi e’lon qilindi.
Mazkur institutning asosiy maqsadi — umumiy farovonlikni ta’minlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish hamda taraqqiyot va davlat boshqaruvi sohalarida ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Institut Xitoy hukumatining topshirig‘iga binoan Chjetszyan universiteti (Zhejiang University) tomonidan tashkil etilmoqda.
Doktorantura dasturi haqida
2026-yil sentabr oyidan boshlab institut quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha doktorantura (PhD) dasturlarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda:
- Amaliy iqtisodiyot (PhD in Applied Economics)
- Davlat boshqaruvi (PhD in Public Administration – rivojlanish boshqaruvi yo‘nalishida)
Har bir yo‘nalish bo‘yicha yiliga 15 nafar doktorant qabul qilinadi. Dastur davomiyligi 3,5 yilni tashkil etadi.
Doktorantlar birinchi o‘quv yilida (taxminan 10 oy) Xitoyda tahsil oladilar. Zarur kreditlar to‘plangandan so‘ng tadqiqot ishlarini o‘z mamlakatida davom ettirib, ilmiy izlanishlar uchun Xitoyga qisqa muddatli tashriflar amalga oshirishlari mumkin.
Grant shartlari
Dastur doirasida ishtirokchilarga to‘liq grant taqdim etiladi. Grant quyidagilarni qamrab oladi:
- kontrakt to‘lovi
- yashash xarajatlari
- xalqaro aviachipta (borish–qaytish)
- tibbiy sug‘urta
- Xitoyda yashash davridagi asosiy turmush xarajatlari
Nomzodlarga qo‘yiladigan talablar
Dastur quyidagi toifadagi nomzodlar uchun mo‘ljallangan:
- davlat organlari xodimlari
- oliy ta’lim muassasalari rahbarlari va ilmiy xodimlari
- yirik kompaniyalar rahbarlari va menejerlari
- rivojlanish va boshqaruv sohalarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli mutaxassislar
Shuningdek, nomzodlardan ingliz tilini bilish darajasi (IELTS 6.5 yoki TOEFL 100 dan yuqori) talab etiladi.
Hujjat topshirish tartibi
Nomzodlar arizani quyidagi ikki bosqich orqali topshiradilar:
- Xitoy Xalq Respublikasining tegishli elchixonasidagi iqtisodiy va savdo masalalari bo‘yicha bo‘limiga tavsiya olish uchun murojaat qilish.
- Tavsiya olingandan so‘ng Chjetszyan universitetiga hujjatlarni taqdim etish.
Ariza topshirish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi:
- diplom va ilovalari
- tarjimai hol (CV)
- 600–800 so‘zli motivatsion esse
- 2 ta tavsiyanoma
- IELTS yoki TOEFL sertifikati
- tibbiy ma’lumotnoma
- pasport nusxasi
- sudlanmaganlik to‘g‘risida ma’lumot
Hujjatlar 2026-yil 15-aprelga qadar topshirilishi lozim.
Qo‘shimcha ma’lumot
Ariza topshirish jarayoni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot olish uchun Xitoy Xalq Respublikasining Toshkent shahridagi elchixonasi mas’ul xodimi bilan bog‘lanish mumkin:
Lu Haiyue
Tel.: (+998) 90 481 6286
