O‘zbekiston delegatsiyasi Koreyada: mashinasozlikda innovatsion hamkorlikning yangi bosqichi
2026-03-03 11:05:00 / Yangiliklar

Ayni paytda Innovatsion rivojlanish agentligi xodimlari hamda hududlardagi innovatsion tumanlar hokimlarining o‘rinbosarlaridan iborat delegatsiya Koreya Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Vakillarimiz mashinasozlik sanoatining yetakchi tuzilmasi — Korea Association of Machinery Industry (KOAMI) faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Muzokaralar davomida KOAMI vakillari zamonaviy sanoat uskunalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish jarayonlarini to‘liq avtomatlashtirish hamda “aqlli” texnologik yechimlarni joriy etish borasidagi ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuvlar markazida nafaqat texnologik yangilanish, balki yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash, istiqbolli qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston sanoatiga ilg‘or texnologiyalar transferini jadallashtirish, mahalliy ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish hamda strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishdilar.
Mazkur muloqot ikki davlat o‘rtasidagi sanoat integratsiyasini yanada mustahkamlash bilan birga, yurtimizdagi innovatsion tumanlarda mashinasozlik sohasini yangi bosqichga olib chiqish uchun mustahkam poydevor yaratadi.


