“Space Agro” loyihasi imkoniyatlari Xitoyda namoyish etildi
2026-02-09 14:45:00 / Yangiliklar

Andijon yoshlar texnoparki “InnoX” dasturi ishtirokchisi Muhammadusmon Odashev Andijon viloyati qishloq xo‘jaligi sohasi vakillaridan iborat delegatsiya tarkibida Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘ldi.
Safar doirasida Xitoyning yetakchi agrotexnologik kompaniyalaridan biri — “LongPing High-Tech” bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Xitoyda yuqori talabga ega bo‘lgan ekinlar, ularning gibrid navlari va duragaylariga oid ma’lumotlarni “Space Agro” platformasiga integratsiya qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Space Agro” — fermer xo‘jaliklari uchun yer holatini tahlil qilish, ekin ekish jarayonini ilmiy asosda rejalashtirish va samarali qarorlar qabul qilish imkonini beruvchi zamonaviy AgroTech B2B platforma hisoblanadi. Mazkur loyiha 2025-yilda AloqaVentures tomonidan 200 ming AQSh dollari miqdorida baholanib, dastlabki bosqichda 20 ming AQSh dollari investitsiya jalb etilgan.
Uchrashuv davomida “LongPing High-Tech” bilan mavjud hamkorlikni kengaytirish, boshqa turdagi ekinlar bo‘yicha ilmiy-amaliy izlanishlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, kelgusida Andijon viloyatida urug‘chilik va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Ushbu tashrif qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro tajriba almashish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish hamda yosh mutaxassislarning kasbiy salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.



