Finlyandiya ta’lim tajribasi: o‘quvchi shaxsini rivojlantirishga yo‘naltirilgan yondashuv
2026-02-05 17:20:00 / Yangiliklar

— Ma’lumki, 2022-yildan boshlab O‘zbekiston ta’lim tizimiga Finlyandiya tajribasini joriy etish bo‘yicha dastlabki chora-tadbirlar amalga oshirila boshlandi. Ushbu jarayonda maktab boshqaruvi, direktorlarni lavozimga tayinlash va ularning malakasini oshirish, ta’limda mediadan foydalanish, maktab marketingi, STEM fanlarini tashkil etish hamda o‘qituvchi va o‘quvchilarni baholash tizimlariga oid qator masalalar o‘rganildi. Biroq ayrim yo‘nalishlarda amaliy tajriba yetishmasligi sababli ochiq savollar mavjud edi. Mazkur savollarga javob topishda stajirovka muhim ahamiyat kasb etdi.
Finlyandiya ta’lim tizimi kompetensiyaga asoslangan yondashuv asosida tashkil etilgan bo‘lib, unda bilimlarni yodlashdan ko‘ra o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash, muammoni hal qilish, muloqot va hamkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish ustuvor hisoblanadi. Ushbu yondashuv O‘zbekiston umumiy o‘rta ta’lim tizimida ham o‘z aksini topib, yangilangan Davlat ta’lim standartlarida tayanch va fanlararo kompetensiyalarni shakllantirish asosiy maqsad sifatida belgilandi. Natijada o‘quv dasturlari qayta ko‘rib chiqilib, funksional savodxonlikka yo‘naltirilgan topshiriqlar ulushi oshirildi.
Yana bir muhim jihati — ta’lim jarayonida o‘quvchi shaxsining markaziy o‘rinda turishidir. O‘quvchilarning individual ehtiyojlari va qiziqishlarini inobatga olgan holda ta’limni tashkil etish tamoyili O‘zbekiston maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Xususan, interfaol metodlar, loyiha va tadqiqot faoliyatiga asoslangan yondashuvlar keng qo‘llanilib, o‘quvchilarning mustaqil fikrlashi va faolligi oshmoqda.
Stajirovka davomida Finlyandiya maktablarida baholash tizimining insonparvar va rivojlantiruvchi xarakterga ega ekanligi kuzatildi. Baholash jarayoni asosan o‘quv faoliyati davomida amalga oshirilib, o‘quvchining individual rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Ushbu tajriba O‘zbekistonda, ayniqsa boshlang‘ich ta’lim bosqichida, formativ baholash va tavsifiy fikr-mulohazalarni keng joriy etishga zamin yaratdi. Natijada baholashda nafaqat bilim, balki ko‘nikma va kompetensiyalarni aniqlashga e’tibor kuchaydi.
Shuningdek, Finlyandiya ta’lim tizimida o‘qituvchi kasbining nufuzi va kasbiy mustaqilligi alohida ahamiyatga ega. Ushbu tajriba asosida O‘zbekistonda ham o‘qituvchilar maqomini oshirish, ularning kasbiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, mehnatga haq to‘lash tizimi takomillashtirildi, attestatsiya va sertifikatsiya jarayonlari joriy etildi hamda ortiqcha byurokratik yuklamalar qisqartirildi.
Finlyandiya maktablarida o‘quv dasturlarining soddaligi, mazmunan chuqurligi va real hayot bilan uzviy bog‘liqligi ta’lim sifatini ta’minlovchi muhim omil hisoblanadi. Ushbu yondashuv O‘zbekistonda ham inobatga olinib, o‘quv yuklamalarini optimallashtirish, takroriy mavzularni qisqartirish va amaliy topshiriqlar ulushini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.
Bundan tashqari, Finlyandiya ta’lim tizimining PISA kabi xalqaro baholash dasturlaridagi muvaffaqiyati O‘zbekiston uchun muhim tajriba maktabi bo‘ldi. Ushbu tadqiqotlarda ishtirok etish orqali o‘quvchilarning o‘qish savodxonligi va funksional kompetensiyalarini rivojlantirish masalalari davlat ta’lim siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xulosa qilib aytganda, Finlyandiyaga tashrif davomida o‘rganilgan ilg‘or ta’lim tajribalar O‘zbekiston ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda muhim metodologik asos bo‘lib xizmat qildi. Mazkur tajribalar milliy sharoitga moslashtirilgan holda joriy etilib, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilarda hayotiy kompetensiyalarni shakllantirish va barqaror rivojlanishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarga mustahkam zamin yaratdi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur stajirovka Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan.




