Namangan viloyatida innovatsion faoliyat samaradorligi tahlil qilindi
2026-01-30 19:40:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi Namangan viloyati boʻlinmasi tomonidan Uychi tumanidagi tadbirkorlik subyektlarida amalga oshirilayotgan loyihalar holati atroflicha oʻrganildi. Monitoring jarayonida asosiy e’tibor hududda qoʻshimcha qiymat yaratish, mahalliylashtirish darajasini oshirish va ekologik toza texnologiyalarni joriy etishga qaratildi.
Xususan, “Exsam energy” MCHJ qoʻshma korxonasida import oʻrnini bosuvchi gel tarkibli sanoat batareyalari ishlab chiqarish loyihasining ijrosi tahlil qilinib, korxonaning qayta tiklanuvchi energiya va “yashil” innovatsiyalarga asoslangan yangi istiqbolli takliflari koʻrib chiqildi. Shu bilan birga, “Vodiy kumush parranda” MCHJning parrandachilik tarmogʻida yangi ish oʻrinlarini yaratishga qaratilgan rejalari hamda Jahon banki koʻmagida “Ifora-Medical” MCHJ tomonidan yoʻlga qoʻyilgan “Gidro bolalar massaji” loyihasining ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlari ijrosi tekshirildi.
Oʻrganishlar yakunida aniqlangan masalalar yuzasidan istiqboldagi vazifalar belgilanib, hududning innovatsion salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijroga yoʻnaltirildi.


