ICBA bilan Qoraqalpog‘istonda barqaror qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantiirish masalalari muhokama qilindi
2026-01-30 18:05:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi hamda Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi (ICBA) o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda ICBA Bosh direktori, doktor Tarifa Alzaabi xonim ishtirok etib, tashkilot tomonidan loyiha doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Uchrashuv davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida yer degradatsiyasi, tuproq sho‘rlanishi, suv tanqisligi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal etishda ilmiy asoslangan innovatsion yechimlarni joriy etish masalalarini muhokama qildilar.
Abu-Dabi Taraqqiyot Jamg‘armasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan va Qoraqalpog‘iston Respublikasida ICBA bilan hamkorlikda olib borilayotgan loyiha doirasida tashkil etilgan tajriba maydonlari, sho‘rga chidamli ekinlarni joriy etish, zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini qo‘llash hamda fermerlar va mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar ekologik jihatdan zaif hududlarda barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgani haqida fikr almashildi. Shuningdek, loyihalarni yangi bosqichga olib chiqish hamda amaliyotga to‘liq joriy etish mexanizmlarini birgalikda ishlab chiqish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston uchun iqlimga chidamli va resurslarni tejovchi qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy ustuvor vazifa ekani, Prezidentimiz rahbarligida ilm-fan va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda ilmiy natijalarni iqtisodiyotning real sektoriga joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Tomonlar kelgusida qo‘shma ilmiy loyihalar tanlovlari, sho‘rlangan hududlarda sinov loyihalar, texnologiyalar transferi, yosh olimlar salohiyatini oshirish hamda xalqaro donor resurslarini safarbar etish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha hamkorlikda ishlashga kelishib oldilar.


