O‘zbekistonlik talabalar Obuda universitetiga stajirovkaga yuboriladi
2025-12-12 20:20:00 / Yangiliklar

Vengriyada davom etayotgan xizmat safari davomida Innovatsion rivojlanish agentligi direktori v.v.b A.Norov Obuda universiteti rektori professor Levente Kovach bilan uchrashuv o‘tkazdi. Ikki tomonlama muloqot davomida yosh olimlar uchun ilmiy stajirovkalarni tashkil etish hamda Jizzax viloyatida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan texnoparkni Obuda universitetiga ishonchli boshqaruvga berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida, 50 nafarga yaqin talabalar uchun Obuda universitetida stajirovka va almashinuv dasturlarini amalga oshirishga kelishib olindi.
Shuningdek, ishchi dasturga asosan Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vaziri Balaz Xanko bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Vengriya universitetlarida ilm-fan, tadqiqot va innovatsion faoliyatni boshqarishning yangi modelini o‘zlashtirish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish jarayonini kuchaytirish maqsadida Vengriyalik malakali mutaxassislardan birini Agentlik direktoriga maslahatchi sifatida jalb qilish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Balaz Xanko 2026-yilda O‘zbekistonga tashrif buyurish rejasida borligini maʼlum qildi.


