Yoshlar texnoparklarini rivojlantirishda Xitoyning yetakchi tashkilotlari bilan hamkorlik qilinishi kutilmoqda
2025-11-24 15:40:00 / Yangiliklar

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori maslahatchisi Fazilat Qodirova hamda BMT Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (YUNKTAD)ning Fan, texnologiya va innovatsiya siyosati bo‘limi boshlig‘i Liping Chjang o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonning BMT Taraqqiyot uchun fan va texnologiyalar komissiyasidagi faol ishtiroki yuqori baholanib, bu jarayon xalqaro hamkorlikni kuchaytirayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, L.Chjang 2021-yilda BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar: O‘zbekiston sharhi” hisobotidagi tahlillarni bugungi kunda mamlakatda ro‘y berayotgan yangilanishlar fonida yangidan baholash va tahlillarni amalga oshirish zarurligini qayd etdi. Qolaversa, Yoshlar texnoparklarini rivojlantirish, rahbarlarining malakasini oshirish bo‘yicha Xitoyning yetakchi tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatish masalalari muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida, o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida joriy yilning dekabr oyida kengaytirilgan uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

