Giyohvandlik jinoyati va uning salbiy oqibatlari
2026-06-20 18:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum hurmatli tumanimiz fuqarolari!
Bugun Sizlarga murojaat yo‘llashimdan maqsad, giyohvandlik, uning salbiy oqibatlari, uni sodir qilganlik uchun javobgarlik masalalari hamda Gurlan tuman hududida sodir etilgan ushbu turdagi jinoyatlar tafsilotlari bilan tanishtirishdir.
Giyohvandlikni insoniyat genofondiga solayotgan xavfi hozirning dolzarb muammosi ekanligi hech kimga sir emas. Bu ofatga qarshi ayni paytda xalqaro miqyosda mislsiz kurash olib borilmoqda. Shunga qaramay, dunyo bo‘yicha taxminan 90 milliondan ortiq odam giyohvandlik balosiga giriftor bo‘lgan.
Giyohvandlik inson sog‘lig‘ining kushandasi, qanchadan qancha insonlarning umriga, sog‘lig‘iga zomin bo‘layotgan illatdir. Sababi surunkali giyohvandlikka berilganlarning aksariyati 30 yoshgacha ham yashamaydi. Yana bir havfli tomoni OITS, virusli gepatit va boshqa havfli kasalliklar bilan bog‘liq ravishda ildiz otadi.
Giyohvandlik quyidagi oqibatlarga olib keladi:
– O‘lim (giyohvandlik moddalarini qabul qilish yoki humor holatidagi og‘riq oqibatida va boshqa keltirib chiqargan kasalliklarning asorati tufayli);
– Giyohvandlik moddalirini iste’mol qilish uchun qo‘lga kiritish yo‘lida jinoyatga qo‘l urush – qotillik, bosqinchilik, talonchilik, o‘g‘rilik firibgarlik va boshqalar;
– Bevosita giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga hilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlarni sodir etgaligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilish;
– Oilaning barbod bo‘lishi;
– Farzandlarning majruh tug‘ilishi;
– Hech narsaga qiziqmaslik;
– Behayolik va boshqalar.
Jinoyat kodeksining 270-276-moddalarini o‘z ichiga olgan XIX bobi “Giyovandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilishdan iborat jinoyatlar” deb nomlanib, buning uchun qat’iy jazo choralari belgilangan.
Shunga qaramay hisobot davrida Gurlan tumanida 6 ta giyohvandlik jinoyatlarini sodir qilayotgan shaxslar qo‘lga olindi.
Ammo jazo qanchalik og‘ir va muqarrar bo‘lmasin, o‘z qilmishining oqibatini o‘ylamagan insonning ko‘zi ochilishi qiyin. Chunki giyohvandlikning yovuz changaliga ilingan inson undan qutilib chiqishi amrimahol bo‘lib, aksincha u o‘z turini har tomonga yoyishga intilib, yangi-yangi qurbonlarni domiga tortadi. Ular keltirgan ofatlar oilalarni buzilishiga, hali tug‘ilmagan go‘daklarni kelajakda majruh, nogiron bo‘lib qolishiga, yoshlarni umrini xazon bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Eng achinarlisi, ba’zi nafsini jilovlay olmagan kimsalar e’tiqodi zaif, irodasi bush, giyohvandlikka moyilligi bor yoshlarni turli qing‘ir yo‘llar bilan to‘zog‘iga ilintirib foydalanishadi.
Bugungi kunda bunday illatga qarshi kurashish uchun hozirda aholi orasida, oila, maktab, mahalla, mutassaddi tashkilotlar hamda keng jamoatchilik hamkorligida muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Bu ko‘rilayotgan chora-tadbirlar xalqimizning insonni umriga zomin bo‘lishi mumkin bo‘lgan xavfdan va turli illatlardan himoyalanishida qo‘l kelishi nazarda tutilgan. Chunki sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash nafaqat oilani balki mamlakat, qolaversa jamiyatning ham oldida turgan asosiy va muqaddas vazifasidir. Ushbu illatga qarshi kurashishda avvolo o‘sib – ulg‘ayayotgan farzandlarning qalbida insoniylik fazilatlarni jo qilish barobarida, vatanga, ota-onaga, do‘stlari va atrofdagilarga nisbatan mehr-muhabbat va sadoqat kabi fazilatlarni shakllantirmoq kerak. Asrlar osha shakllanib, sayqal topib kelayotgan qadriyatlarimizga hurmat va extirom ruhida tarbiyalash esa ularni har tomonlama yetuk va fozil insonlar bo‘lib kamol topishishlarida muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Giyohvandlik jinoyati haqida butun dunyo tashvishga tushayotgan bir paytda mamlakatimizdagi har bir fuqaro ushbu illatning salbiy oqibatlaridan tegishli xulosa chiqarib olishi kerak. Ushbu sohadagi qonunbuzarlikning oldini olishda, mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralari va sog‘liqni saqlash muassasalari mutasaddilari, balki jamoatchilik birlashmalari, o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ta’lim muassasalari qolaversa, keng jamoatchilik har birimiz mas’uldirmiz. Har birimiz kelajak avlod barkamolligi, ertangi kunimiz farovonligi uchun javobgarmiz.
Demak, mas’uliyatni his qilgan holda yagona maqsad sari birgalikda ildam qadam tashlashimiz lozim.
Gurlan tumani prokurori Salayev Baxrom Axmatjanovich
