Koreya Respublikasining Paran shahrida Farg‘ona viloyati savdo-logistika markazi ochildi
2025-10-19 12:45:00 / Yangiliklar

Logistika markazi farg‘onalik yosh tadbirkorlar — Abduvohid Qodirov, Javohir Valiyev va Muhammadsaid Xo‘jayev tashabbusi hamda 6 million dollarlik sarmoya hisobiga barpo etildi.
Tadbirda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov mamlakatimizdagi iqtisodiy islohotlar va rivojlanish jarayonlari xorijdagi vatandoshlarimiz faoliyatini rag‘batlantirayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, har qanday katta ish kichik tashabbusdan boshlanishini, bu kabi loyihalar kelgusida yirik miqyosli kompaniyalarga aylanishiga ishonch bildirdi.
Viloyat rahbari yosh tadbirkorlarning xorijda faoliyat yuritishi, mahalliy bozor qonun-qoidalarini o‘rganib, milliy mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yishdagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. Ilm, mehnat va chet tillarini bilish — muvaffaqiyat garovi ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekistonning Koreya Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov ham so‘zga chiqib, “Koreta” kompaniyasi O‘zbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etdi. Elchixona tomonidan vatandoshlarimiz biznes tashabbuslariga amaliy ko‘mak va qo‘llab-quvvatlash doimiy ravishda ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.
Tadbirkorlar o‘z navbatida yaratilgan imkoniyatlar va davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorlik izhor etdilar.
Marosim doirasida “Koreta Co., LTD” kompaniyasi faoliyati bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Kompaniya 10 yildan ortiq vaqtdan beri oziq-ovqat va to‘qimachilik mahsulotlarini Koreya bo‘ylab yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Hozirda 1000 dan ziyod mijozlar bazasi mavjud bo‘lib, kompaniya Koreya harbiy tizimi bilan ham mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Assortiment 1100 dan ziyod turdagi mahsulotlarni o‘z ichiga oladi.
Mahsulotlar qisman O‘zbekistondan, shuningdek, Rossiya, Gruziya, Bolgariya, Italiya, Polsha va Niderlandiya kabi 17 dan ortiq davlatdan keltiriladi. Kompaniyaning Polshada ofislari, Qozog‘istonda sut mahsulotlari zavodi hamda O‘zbekistonda to‘qimachilik fabrikalari faoliyat yuritmoqda.
Tadbir yakunida ramziy lenta qirqilib, yangi logistika markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.









