Koreyaning “AHA Co., Ltd” kompaniyasi Farg‘onada 20 million dollarlik loyihani amalga oshirmoqda
2025-10-08 12:30:00 / Yangiliklar

Ushbu kompaniya viloyatimizdagi loyihaga 20 million dollar miqdorida sarmoya kiritmoqda. Yangi korxonada ichki bozor va eksport uchun interaktiv elektron doskalar (IFPD), elektromobillar uchun zaryadlovchi qurilmalar, tibbiy jihozlar va boshqa turdagi mahsulotlar mahalliy tarzda ishlab chiqariladi. Korxona kelgusi yildan faoliyat boshlashi rejalashtirilgan bo‘lib, to‘la quvvatda ishga tushgach 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash kurslari ham tashkil etiladi. Loyihaning ikkinchi bosqichida televizorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.
Uchrashuvda koreyalik investorlarning Farg‘ona viloyatiga bo‘lgan qiziqishlari ham alohida qayd etildi.
Viloyat delegatsiyasining oktyabr oyida Janubiy Koreyaga tashrifi doirasida biznes-forum tashkil etish, ta’lim, axborot texnologiyalari, sun’iy intellekt va boshqa yo‘nalishlarda yangi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xorijiy investorlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirib, “AHA Co., Ltd” kompaniyasi loyihasini amalga oshirishda barcha zarur yordam ko‘rsatilishini ta’kidladi.
Uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilanib, amaliy chora-tadbirlar kelishib olindi.



