Farg‘ona va Xubey viloyati o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda
2025-09-26 15:15:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda O‘zbekiston – Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari rivojlanib borayotganligi, davlat rahbarlari darajasida doimiy muloqot va samarali aloqalar yo‘lga qo‘yilgani alohida e’tirof etildi.
Xubey provinsiyasi vise-gubernatorining viloyatimizga tashrifi ham ana shu do‘stona munosabatlarning yorqin ifodasi ekanligi qayd etilib, bu uchrashuv Farg‘ona viloyati va Xubey provinsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy, investision, madaniy va turizm sohalardagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirildi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar Buyuk ipak yo‘li tarixi bilan chambarchas bog‘langani, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi esa bu aloqalarni yanada mustahkamlab, hamkorlik ko‘lami ortishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Samimiy muloqotda Xitoy O‘zbekiston iqtisodiyotiga eng ko‘p investisiya kiritayotgan davlatlardan biri ekanligi, Farg‘onada ham xitoy kapitali ishtirokida 250 tadan ziyod korxonalar faoliyat olib borayotganiga e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlarining qo‘llab-quvvatlashlari bilan hududlararo aloqalarning rivojlanib borayotgani, investorlar uchun ham katta imkoniyatlar eshiklarini ochayotgani aytib o‘tildi.
Farg‘ona viloyatining iqtisodiy, investisiyaviy imkoniyatlari, investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda Xubey viloyati bilan ishlab chiqarish, mashinasozlik, elektrotexnika, ta’lim, turizm, madaniyat bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Ayniqsa, oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini Farg‘onada ham amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Yakunda Farg‘ona viloyati va Xubey viloyati o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumi imzolandi.








