Chegarachilarga bayram tuhfasi: yangi ma’muriy bino va xizmat uylari topshirildi
2025-09-24 16:35:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari Xayrullo Bozorov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, harbiylar va ularning oila a’zolari ishtirok etdi.
Viloyat hokimi Hayrullo Bozorov chegarachilarni 26 sentyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati organlari xodimlari kuni bilan tabriklab, yangi inshootlar bayramga munosib tuhfa bo‘lganligini ta’kidladi.
Yurtimiz tinchligi va chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashdagi xizmatlarini alohida qayd etib, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy bosh qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘nggi yillarda harbiylar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilayotgani va bu ishlar ularning ruhini ko‘tarishga, Vatanga sadoqatlarini oshirishga xizmat qilayotganini bildirdi.
Viloyatimizda ham zamonaviy harbiy shaharchalar qurish, infratuzilmalar yaratish, harbiylar va ularning oila a’zolari uchun uy-joylar barpo etish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi. Mazkur ma’muriy bino va harbiy shaharcha ham buning amaliy ifodasi ekanligi ta’kidlandi.
Tadbirda quruvchilarga minnatdorchilik bildirildi, binolarning ramziy kaliti taqdim etildi.
Harbiy xizmatchilarga xonadonlarning kalitlari tantanali topshirildi.
Tadbirda so‘z olganlar tomonidan harbiylarga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildirildi.
Shuningdek, viloyat hokimiga harbiy-ma’muriy sektor faoliyatini samarali tashkil etishdagi xizmatlari uchun DXX Chegara qo‘mondonining esdalik soati taqdim etildi.
Ramziy lenta qirqilib, mehmonlar yangi binolarda yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar.
Bu yerda ikki qavatli ma’muriy bino, to‘rt qavatli, 28 xonadonli turar-joy binosi hamda bolalar maydonchasi barpo etildi. Qurilish ishlariga 17 mlrd. so‘m yo‘naltirildi.
Ma’muriy binoda xizmat xonalari, yotoqxona, sport zali, kutubxona va oshxona kabi barcha zarur sharoitlar yaratilgan.









