Farg‘ona viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda
2025-09-22 13:50:00 / Yangiliklar

Viloyat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar har tomonlama strategik sheriklikning yangi davriga ko‘tarilganini, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va investisiya hamkori ekanligini qayd etdi. So‘nggi yillarda hududlararo hamkorlik jadal rivojlanib, ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani, xususan, viloyatimizda ham bu borada samarali va manfaatli aloqalar yo‘lga qo‘yilganligi ta’kidlandi.
Muloqotda Farg‘ona viloyati va Tyanszin shahri o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, hududlararo hamda Savdo-sanoat palatalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Farg‘ona viloyatining iqtisodiy-investision salohiyati, mavjud imkoniyatlar, maxsus sanoat zonalarida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulayliklar haqida ma’lumot berildi.
Xitoylik investorlar texnopark qurish va unga investorlarni keng jalb etish, oziq-ovqat va go‘sht mahsulotlarini zamonaviy qadoqlash, veterinariya dori vositalarini ishlab chiqarish bilan bog‘liq qator takliflarni ilgari surdilar.
Viloyat rahbari import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ularda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish va yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim bo‘lishligini ta’kidladi. Shuningdek, o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda har tomonlama ko‘makka tayyor ekanini bildirdi va hamkorlik chora-tadbirlari belgilab olindi.



