Qo‘qon shahridagi O‘rda maydonida uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2025-09-19 23:55:00 / Yangiliklar

Tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Uchinchi Xalqaro hunarmandchilik festivali va Xalqaro kulolchilik forumi ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.
Jahon hunarmandlar kengashi qarori bilan Buxoro, Qo‘qon va Marg‘ilon kabi qadimiy shaharlarimiz “Jahon hunarmandlar shahri” degan yuksak maqomga sazovor bo‘lgan edi. Bu yil ularning qatoriga Rishton va Shahrixon shaharlari ham qo‘shilmoqda.
Shu kunlarda TURKSOY Bosh kotibiyati tomonidan Qo‘qon shahriga yana bir sharafli nom – “Turkiy dunyoning hunarmandlari shahri” degan maqom berildi. Biz bularning barchasini mamlakatimizda xalq amaliy san’atini rivojlantirishga qaratilgan ishlarimizning xalqaro miqyosdagi yana bir e’tirofi sifatida qabul qilamiz, - deyiladi tabrikda.
Tadbirda Butunjahon hunarmandlar kengashi prezidenti Saad al-Qaddumiy ham so‘z olib, festival o‘tmish va kelajakni bog‘lashga xizmat qilayotgani, turli madaniyat, an’ana va tarixni butun dunyoga targ‘ib qilish imkoniyatini berayotgani, barcha hunarmandlarni birdamlikka, hamjihatlikka chorlayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining oqilona, uzoqni ko‘zlagan siyosati bois bugungi kunda hunarmandchilik turlari jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Shundan so‘ng O‘zbekistonning TURKSOYdagi vakili Shavkat Ortiqov xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibining tabrigini o‘qib eshittirdi hamda Qo‘qon shahar hokimiga "Turkiy dunyoning hunarmandlari shahri” maqomiga ega bo‘lganligi haqidagi maxsus sertifikatni topshirdi.
Hunarmandchilik festivalining ochilish marosimida O‘zbekiston xalq artistlari Gʻulomjon Yoqubov, Mahmud Namozov, Zulayho Boyxonova, Yulduz Usmonova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurashid Yo‘ldoshev, Botir Qodirov, Muhammadziyo, Imron, Jasmin kabi taniqli san’atkorlar hamda badiiy jamoalar ishtirokidagi katta konsert dasturi ishtirokchilarga ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Tantanali marosim osmon uzra porlagan yorqin mushakbozlik bilan yakunlandi.









