Navro‘zi olam muborak!
2025-03-21 11:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum aziz yurtdoshlar,
Hurmatli farg‘onaliklar,
Qadrli mehmonlar!
Siz, azizlarni, sizlar orqali barcha viloyatimiz ahlini sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam yurtimizga, elimizga tinchlik-omonlik, shodlik va farovonlik olib kelsin!
Mana shu qutlug‘ kunda barchangizga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadoningizga fayzu baraka tilayman.
Navro‘z chin ma’noda bunyodkorlik bayramidir. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan Ekoshaharda, xususan, mazkur amfiteatrda nishonlanayotgan bayram shukuhi ham buni yaqqol isbotlab turibdi. Bunday obod va go‘zal maskanlarga bayramlar yarashadi. Har kunimiz shunday chiroyli bayramlarga, tantanalarga boy bo‘lsin.
2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayrami mamlakatimizda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida nishonlanmoqda. Barcha shahar va qishloqlarimizda umumxalq sayllari tarzida o‘tayotgani unga o‘zgacha fayz va shukuh bag‘ishlamoqda.
Doshqozonlarda sumalaklar solinib, xalqimiz katta xursandchilik bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda. Ayniqsa, gullayotgan daraxtlarni ko‘rib, diling yayraydi!
Navro‘z biz uchun bahor va uyg‘onish, yasharish va yangilanish, mehnat va bunyodkorlik faslidir. Navro‘z biz uchun mehr-oqibat, qadr-qimmat, xayru saxovat va o‘zlikni anglash ramzidir.
Xalqimizning eng qadimiy va umrboqiy bayrami Navro‘z – dehqonchilik, rizq-ro‘z bayrami hamdir. Bugun mirishkor dehqon va fermerlarimiz katta orzu-niyatlar bilan yangi mehnat mavsumini boshlamoqdalar, ulkan maqsad va rejalar bilan dala sari yo‘l olmoqdalar. Niyatimiz – yilimiz qutlug‘ kelsin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin.
Viloyatimizda barcha sohalarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritish maqsadida ulkan rejalar va maqsadlarni belgilab olganmiz. Albatta, bu yil ham Farg‘ona uchun yuksalish, taraqqiyot yili bo‘ladi.
2025 yilda Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqilgan bo‘lib, 6 mlrd dollar miqdoridagi investisiya loyihalarini boshlash, 1,2 mingta investisiya loyihasini amalga oshirish hisobiga 44 ming nafar aholi bandligini ta’minlash, shu bilan birga, 1,5 mlrd dollar miqdoridagi mahsulotlar eksportini amalga oshirish, 3,7 mlrd dollar miqdoridagi investisiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Boshqa sohalarda ham marralarni baland olganmiz.
Barchamiz jonajon O‘zbekistonimizning ravnaqi uchun yakdil bo‘lib, mehnat qilsak, albatta, ko‘zlangan maqsadlarga erishamiz.
Qadrli yurtdoshlar!
Navro‘zi olam falsafasi va qadriyatlari bugungi ulug‘vor o‘zgarishlarda o‘z ifodasini topayotganligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Navro‘z o‘zining yaratuvchanlik qudrati bilan tabiatda muzaffar hayot tantanasini boshlab bersa, Muhtaram Prezidentimiz boshchiliklaridagi ulkan islohotlar, xalqimizning o‘z hayotidan roziligi yo‘lidagi yangilanish va o‘zgarishlar bu boradagi daxldorlik tuyg‘usini kuchaytirmoqda. So‘nggi sakkiz yil davomida amalga oshirilgan ishlarni tarixiy voqea bo‘ldi, deya bemalol aytish mumkin. O‘zbekistonni jahon tan oldi, islohotlarni e’tirof etdi.
Muhimi, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida qutlug‘ zaminimizda bugun har bir fuqaroga munosib turmush sharoiti yaratilmoqda. Albatta, bugungi tinch va osoyishta hayotning qadriga yetish, yurt uchun mehnat qilish har birimizning asosiysi vazifamiz bo‘lishi kerak.
Qadrli farg‘onaliklar!
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbarining farmoyishi asosida 2025 yil 11 martdan boshlab “dolzarb bir oylik” safarbarligi e’lon qilindi. Viloyatimiz mahallalarida ham bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda. Obodlik bor joyda fayz-baraka bo‘ladi. O‘ylaymanki, viloyatimiz ahli bu yo‘nalishdagi ishlarda ham namuna ko‘rsatib, Farg‘ona tajribasini yaratishadi.
Fursatdan foydalanib, qo‘shaloq bayram -Mahalla kuni bilan aholining og‘irini yengil, mushkulini oson qilish maqsadida astoydil xizmat qilayotgan barcha-barcha insonlar – mahalla raislari va faollarini, “yettilik”ni samimiy tabriklab, ularga yangi zafarlar va omadlar tilayman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bu yilgi Navro‘z bayrami fazilatli Ramazon oyida bo‘lib o‘tayotgani uning fayzu tarovatini yanada ziyoda qilmoqda.
Ushbu muborak ayyom bilan ham barchangizni qutlab, chin dildan qilinayotgan duolar ijobat bo‘lishini Parvardigori olamdan so‘raymiz.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy ta’kidlaganidek, "Navro‘z – bu faqat tabiatning uyg‘onishi emas, balki inson qalbining yangilanishi, yangi umidlar va imkoniyatlar uchun eshikdir”.
Fursatdan foydalanib, yana bir bor suyukli va ardoqli Navro‘z bayrami bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman!
Qadimdan ota-bobolarimiz yil boshida yaxshilik hamda ezgulikni niyat qilib, ishga kirishganlar.
Navro‘z yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, baxtu saodat, turmushimizga qut-baraka olib kelsin!
Barcha ezgu niyat va maqsadlarimiz amalga oshsin!
Jonajon Vatanimiz yanada obod va farovon bo‘lsin!
Navro‘z ayyomi barchamizga muborak bo‘lsin!
Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!
