Janubiy Koreya kompaniyasi bilan investitsiya loyihasi amalga oshiriladi
2026-11-23 17:45:00 / Yangiliklar

Muloqotda avvalgi uchrashuvlarda muhokama qilingan energetika sohasidagi hamkorlik masalalari davom ettirilib, elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘nalishidagi investitsiya loyihasi bo‘yicha fikr almashildi.
“KDHC” Janubiy Koreyaning markazlashgan issiqlik ta’minoti, elektr energiyasi ishlab chiqarish, ekologik toza va energiya samarador texnologiyalarni joriy etish sohalarida ixtisoslashgan yirik davlat korporatsiyalaridan biri hisoblanadi. Korporatsiyaning asosiy faoliyati energiya resurslaridan oqilona foydalanish, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish va atrof-muhitga salbiy ta’sirni qisqartirishga qaratilgan.
Uchrashuvda korporatsiyaning ilg‘or tajribasi va zamonaviy texnologiyalarini Farg‘ona viloyatida qo‘llash, energetika infratuzilmasini rivojlantirish hamda samarali energiya ishlab chiqarish yechimlarini joriy etish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
O‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish chora-tadbirlari ko‘rib chiqildi. Yakunda hamkorlik doirasida uch tomonlama memorandum imzolandi.



