Turk investorlari bilan hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
2026-11-21 18:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda Uchko‘prik va Beshariq tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, avvalgi muloqotlarda ilgari surilgan tashabbuslarni amaliy bosqichga olib chiqish masalalari ko‘rib chiqildi.
Turkiyalik investorlar tomonidan logistika markazi, mehmonxona, dam olish maskanlari, ko‘p qavatli turar joylar qurish, shuningdek, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan loyiha takliflari taqdimot qilindi.
Jumladan, Beshariq tumanida qiymati 13 mln dollar bo‘lgan servis va xizmat ko‘rsatish markazlarini tashkil etish loyihasi amalga oshirilishi qayd etildi.
Muloqot davomida Farg‘ona viloyatining yuqori investitsiyaviy salohiyati, mavjud imkoniyatlar va turkiyalik sarmoyadorlarni hududga yanada faol jalb etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda investorlarga zarur tashkiliy va amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi va "Asal Grup Lojistik A.Ş." kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.



