Farg‘onada “Karyera kuni” tadbiri o‘tkazildi
2026-11-21 16:35:00 / Yangiliklar

Tadbirning asosiy maqsadi kasbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining bandligini ta’minlash, ularni ish beruvchilar bilan bevosita bog‘lash, mehnat bozoridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishtirish hamda munosib ishga joylashishlariga ko‘maklashishdan iborat.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Sherzod Polvonov, Savdo-sanoat palatasining viloyat hududiy boshqarmasi, viloyat Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Migratsiya agentligi vakillari ishtirok etdi.
Unda 20 ta ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari, shuningdek, 8 ta xususiy bandlik agentligi orqali xorijiy ish beruvchilar jalb etildi.
Tadbirda 10 ta yirik korxona ham o‘z vakansiyalari bilan ishtirok etdi. Shu bilan birga, viloyatdagi texnikumlar bitiruvchi yoshlari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ish beruvchilar tomonidan bitiruvchilarga mahalliy va xorijiy mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Yoshlar o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ish beruvchilar bilan bevosita suhbatlashish, vakansiyalar bilan tanishish, ishga qabul qilish shartlari va mehnat faoliyatiga oid savollariga javob olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Shuningdek, bitiruvchilarga ishga joylashish, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topish, kasbiy faoliyatini to‘g‘ri yo‘naltirish hamda mahalliy va xorijiy mehnat bozoridagi imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha zarur maslahat va tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida xususiy bandlik agentliklari va texnikum rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari o‘rtasida alohida uchrashuv ham tashkil etildi. Unda xususiy bandlik agentliklari faoliyati, xorijiy ish beruvchilar bilan hamkorlik, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish tartiblari va ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumotlar berildi.









