Ziyolilarimizning bilimi, tajribasi va tashabbuslari biz uchun muhim
2026-11-12 14:00:00 / Yangiliklar

Anjumanda so‘z olgan viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda boshlangan yangi yuksalish davri, bu jarayonlarda ziyolilarning o‘rni haqida to‘xtaldi.
Mustaqilligimizning 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda muhtaram Prezidentimiz “Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi”, deya ta’kidlab, yuksalishni xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi bilan barpo etishimizni aytib, inson qadrini yanada yuksaltirishga qaratilgan yettita milliy dasturni belgilab berilgani ta’kidlandi.
Bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish, xalqimizning salomatligini mustahkamlash va uzoq umr ko‘rishi uchun sharoit yaratish, iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar asosida rivojlantirish, suv va tabiatga munosabatni o‘zgartirish, sud mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta’minlash, mahallaning jamiyatdagi o‘rnini kuchaytirish hamda O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yuksaltirish yo‘lidagi asosiy vazifalar xususida so‘z yuritildi.
Viloyat hokimi mazkur vazifalarni amalga oshirishda ziyolilarning bilim va tajribasi, tashabbuslari muhim ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratdi. Farg‘onaning boy ilmiy-ma’rifiy merosi, Ahmad al-Farg‘oniy kabi buyuk allomalar qoldirgan maktabni davom ettirish, hudud taraqqiyotiga xizmat qiladigan yangi g‘oyalarni ilgari surish zarurligi qayd etildi.
- Mamlakatimiz, hududimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan takliflarni ilgari surishimiz kerak. Har bir ziyolining fikri yuksak qadr-qimmatga ega, — dedi Xayrullo Bozorov. Shuningdek, xalqaro maydonda kuzatilayotgan murakkab vaziyatlar sharoitda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalikning qadriga yetish, "Inson qadri uchun" tamoyili asosida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilish oldidagi asosiy vazifa viloyat ziyolilarining salohiyatini Farg‘ona taraqqiyoti uchun dolzarb masalalar yechimiga yo‘naltirish, puxta taklif va tashabbuslarni respublika bosqichiga olib chiqishdan iborat ekani qayd etildi.
Viloyat hokimi anjuman ishi samarali va muvaffaqiyatli bo‘lishiga ishonch bildirdi.




