11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni
2026-11-11 08:10:00 / Yangiliklar
Har yili 11-noyabr mamlakatimizda O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni sifatida keng nishonlanadi. Bu sana mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda ijtimoiy adolat, hamjihatlik va o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlashga xizmat qilayotgan kasaba uyushmalari faoliyatiga yuksak e’tibor va ehtirom ifodasidir.
Bugungi kunda kasaba uyushmalari Yangi O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda. Xodimlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy himoyani kuchaytirish hamda mehnat jamoalarida sog‘lom muhitni qaror toptirishda ularning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Ushbu qutlug‘ sana munosabati bilan viloyatimizdagi barcha kasaba uyushmalari xodimlari, faollari va a’zolarini samimiy muborakbod etamiz.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, ezgu va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka va farovonlik tilaymiz!
