AQSh kompaniyasi bilan hamkorlik yanada mustahkamlanmoqda
2026-11-10 20:05:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda amerikalik investorlar bilan istiqbolli loyihalarni amalga oshirish masalalari haqida so‘z bordi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Bu esa amerikalik investorlar bilan hududlar darajasidagi aloqalarni kengaytirish uchun ham yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Samimiy muloqotda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi. Mehmonlar Farg‘ona investitsiyaviy salohiyatini, axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadilar.
“AVADirect Custom Computers” kompaniyasi AQShning Ogayo shtatida joylashgan bo‘lib, buyurtma asosida yuqori unumdor kompyuter tizimlarini yig‘ish va integratsiya qilishga ixtisoslashgan. U dunyoning yetakchi texnologik kompaniyalari bilan hamkorlik qilib, yuqori unumdor hisoblash texnologiyalarini rivojlantirishga e’tibor qaratadi.
Uchrashuvda kompaniyaning viloyatda faoliyat olib borayotgan “Pro Team Solutions” MChJ bilan hamkorlikda amalga oshirishni rejalashtirayotgan loyihasi haqida ma’lumot berildi.
Farg‘onadagi infratuzilma va inson kapitali orqali “AVADirect”ning O‘zbekistondagi autsorsing ulushini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Loyihani amalga oshirishda mahalliy mutaxassislar salohiyatidan foydalanish imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, yana qator AQSh kompaniyalari viloyatda ish boshlashga qiziqish bildirayotgani qayd etildi.
Viloyat hokimi ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga va yaqindan ko‘mak berishga tayyorligini bildirdi.
Hamkorlik yo‘nalishlarini aniq belgilash bo‘yicha tegishli mas’ullar bilan ishlar davom ettirilishi ta’kidlandi.
Kelgusidagi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari va amaliy qadamlari kelishib olindi.


