Tarixiy rekordda farg‘onalik paxtakorlarning ham munosib hissasi bor
2026-11-10 18:40:00 / Yangiliklar

Unda viloyat qishloq xo‘jaligi boshqarmasi, Sirdaryo–So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi rahbarlari, soha mutaxassislari, ilg‘or fermerlar, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirok etdi.
Anjumanda joriy yilda agrar sohada, xususan, paxtachilikda qo‘lga kiritilgan yutuqlar, zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish, hosildorlikni oshirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda fermer xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar yuzasidan atroflicha ma’lumot berildi.
Joriy yil O‘zbekiston paxtachiligi tarixida ulkan yutuqlar yili bo‘ldi. Mamlakatimizda ilk bor 5 million tonnadan ortiq paxta xomashyosi yetishtirilib, tarixiy rekord o‘rnatildi. Bu yuksak marra Prezidentimiz rahbarligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, sohaga ilm-fan va innovatsiyalarni keng tatbiq etish, dehqon va fermerlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarning amaliy samarasidir.
Ushbu tarixiy natijaga farg‘onalik paxtakorlar ham munosib hissa qo‘shdilar. Viloyatda 371,5 ming tonnadan ziyod paxta xomashyosi yetishtirilib, yuksak marra zabt etildi. Bunda ilg‘or agrotexnologiyalar, ilmiy yondashuv, terim jarayonlarini mexanizatsiyalash hamda fermer va mexanizatorlarning fidokorona mehnati muhim ahamiyat kasb etdi.
Joriy yilda viloyat bo‘yicha 72 ming gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanib, uning 62 ming gektariga xorijiy navli chigitlar ekildi. Paxta terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish maqsadida Xitoyning “Swan” kompaniyasidan 135 ta yangi paxta terish mashinasi xarid qilindi. Natijada viloyatdagi terim mashinalarining umumiy soni qariyb 300 taga yetkazildi.
Viloyatda o‘rtacha hosildorlik gektariga 53,5 sentnerni tashkil etdi. Ayniqsa, Qo‘shtepa, Bag‘dod, Buvayda, Quva, Yozyovon, Oltiariq va Toshloq tumanlaridagi ilg‘or fermer xo‘jaliklari yuqori hosildorlikka erishib, boshqalarga namuna bo‘ldilar.
Matbuot anjumanida suv resurslaridan samarali foydalanish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, tomchilatib sug‘orish tizimlarini kengaytirish, kanal va ariqlarni betonlashtirish orqali suv yo‘qotilishini kamaytirish hamda mavjud resurslardan oqilona foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, serhosil xorijiy navlar bilan bir qatorda mahalliy g‘o‘za navlarining imkoniyatlaridan samarali foydalanish, ilm-fan yutuqlarini amaliyotga tatbiq etish va paxtachilikda yuqori hosildorlikni ta’minlashning istiqbolli yo‘nalishlari haqida so‘z yuritildi.
Ilg‘or fermerlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashib, yuqori hosil olishda qo‘llagan samarali agrotexnik usullar, mavsum davomida erishilgan natijalar va amaliy tajribalari haqida to‘xtaldilar.
Matbuot anjumanida jurnalistlar va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mas’ullaridan batafsil javob oldilar.






