Sindaoda Farg‘ona–Xitoy savdo va investitsiya markazi ochildi
2026-11-06 17:05:00 / Yangiliklar

Sindao shahridagi «Xitoy — SHHT mahalliy savdo-iqtisodiy hamkorlik namunaviy hududi»da Farg‘ona–Xitoy savdo va investitsiya markazi ochildi.
Markaz Farg‘ona mahsulotlarini Xitoy bozoriga olib chiqish, tadbirkorlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.
Shu hududda o‘tkazilgan biznes forum doirasida Hisense Group, Tronvex Machinery Co., Ltd., Shandong Luqiao Group Co., Ltd., Modu House va temir-beton buyumlari ishlab chiqaruvchi zavod vakillari bilan B2B muzokaralari o‘tkazildi.
Telekommunikatsiya va mobil aloqa, yuqori aniqlikdagi CNC dastgohlari, irrigatsiya va yo‘l qurilishi uchun temir-beton buyumlari ishlab chiqarish, yo‘l va ko‘priklar qurish hamda modulli binolar barpo etish bo‘yicha qo‘shma loyihalar ko‘rib chiqildi.
Jinanda Xalqaro savdoga ko‘maklashish bo‘yicha Xitoy kengashining (CCPIT) Shandun provinsiyasi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vey Fen va Jinan shahri qo‘mitasi raisi Si Xuaydun ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
Unda Farg‘onaning investitsiya va eksport imkoniyatlari, istiqbolli loyihalari taqdim etildi.
Tadbirkorlar «Shandong Linxuan Import-Export», «Shandong Hu Xin», «Jinan Aoli» va boshqa kompaniyalar vakillari bilan B2B formatda savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida Farg‘ona viloyati hokimligi Jinan shahri Xalqaro savdoga ko‘maklashish qo‘mitasi va «Qingdao SPB GALAXY CULTURE Co. Ltd.» kompaniyasi bilan, Bag‘dod tumani hokimligi esa «LINK-WORLD IMP & EXP CO., LTD» kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumlarini imzoladi.
Jinan tadbirkorlarining Farg‘onaga tashrifini tashkil etish va ularni viloyatning investitsiya imkoniyatlari bilan tanishtirish, Farg‘ona delegatsiyasining Shandundagi biznes forumlarda ishtirokini ta’minlash hamda hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh tuzishga kelishildi.
Jinan tadbirkorlarining tashrifini tashkil etish bo‘yicha amaliy choralar yaqin kunlarda ishlab chiqiladi. Delegatsiya Jinandagi «Shandong Oakes Animal Husbandry Co., Ltd.» chorvachilik majmuasida Germaniya texnologiyalari asosida sut yetishtirish va uni to‘liq qayta ishlash jarayoni bilan tanishdi. 180 gektarlik majmuada 6 mingdan ortiq sog‘in sigir parvarishlanib, har biridan kuniga 45–50 litr sut olinadi. Korxonada qatiq, kefir va boshqa sut mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Farg‘ona viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumanida zamonaviy chorvachilik majmualarini tashkil etish imkoniyatlari muhokama qilindi. Kompaniya ta’sischilari O‘zbekistonga kelishga tayyorligini bildirdi. Doimiy aloqa o‘rnatish va loyihalar bo‘yicha ishchi guruh tuzishga kelishildi. «Jinan Yimin Animal Pharmaceutical Co., LTD» zavodi raisi Van Tao bilan chorva mollari kasalliklarining oldini olish va ularni davolash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish hamda Farg‘onada sifatli veterinariya preparatlarini ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi. Jinan va Sindaodagi uchrashuvlarda investorlarga Farg‘onadagi erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari imkoniyatlari hamda viloyat hokimi tashabbusi bilan tashkil etilgan Xitoylik investorlarni qo‘llab-quvvatlash markazining amaliy yordami haqida ma’lumot berildi.
Delegatsiya 2003 yilda tashkil etilgan «Jinan Xinsan Plastic Industry Co., Ltd.» korxonasida tabiatda to‘liq bioparchalanadigan mulchalash va issiqxona plyonkalarini ishlab chiqarish texnologiyasini o‘rgandi. 12,87 gektar maydonni egallagan korxonaning yillik quvvati 60 ming tonnani tashkil etadi. Ushbu mahsulotlarni Farg‘onadagi dehqonchilik va issiqxona xo‘jaliklarida qo‘llash, ularning tuproq unumdorligi va ekologik muvozanatga ta’siri muhokama qilindi.
Tashrif davomida delegatsiya Daminxu ko‘li, Qushuytin tarixiy ko‘chasi va Chan’anlouda bo‘lib, Jinanning tarixiy-madaniy merosi, turistik salohiyati va sayyohlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.






