Yoshlar zamonaviy kasb va xorijiy tillarni o‘rganmoqda
2026-11-05 19:55:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi zamonaviy jihozlangan sinf va o‘quv ustaxonalarini ko‘zdan kechirdi va o‘quvchilar bilan suhbatlashdi.
Muloqotda yoshlar erishayotgan yutuqlari va kelgusidagi rejalari haqida so‘zlab berdi.
Texnikum o‘quvchisi Nodirbek Mirho‘jayev til o‘rganib, Angliyada joylashgan, dunyoning eng yaxshi 100 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiruvchi universitetga o‘qishga qabul qilinganligi alohida e’tirof etildi.
Xayrullo Bozorov ilm olish, xorijiy tillarni bilish va zamonaviy kasblarni puxta egallash yoshlarning kelajakda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Ayni paytda texnikumda 1 065 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Ularning 300 nafari Buyuk Britaniyaning “Pearson” kompaniyasi bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan xalqaro ta’lim dasturi bo‘yicha uchta yo‘nalishda o‘qimoqda. BTEC dasturi doirasida nazariy darslar amaliy mashg‘ulotlar bilan uyg‘un olib boriladi. Shu kunga qadar texnikumning 72 nafar o‘quvchisi ingliz tilini bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat oldi. Texnikumga 9-sinf bitiruvchilari orasidan kompyuter grafikasi va dizayn operatori, elektromontyor, payvandlovchi hamda metallga ishlov berish yo‘nalishlari bo‘yicha jami 736 nafar o‘quvchi qabul qilingan.
O‘quvchilarning ishlab chiqarish jarayonida amaliy tajriba orttirishi uchun “Farg‘onaazot” AJ, Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi hamda Sirdaryo–So‘x irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi nasos stansiyalari va energetika boshqarmalari bilan dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.
Bu tajriba bitiruvchilarning mahalliy va xorijiy mehnat bozorida o‘z kasbi bo‘yicha ishlash imkoniyatlarini kengaytiradi. Texnikumda Germaniyaning “telc” tizimi bo‘yicha til imtihonlari markazi ham ochildi.
Markazda o‘quvchilar va boshqa talabgorlar imtihon topshirib, xorijiy tilni bilish darajasini xalqaro mezonlar asosida baholatish imkoniga ega bo‘ladi. Bu yerda yoshlar zamonaviy kasblar va ingliz, nemis tillarini o‘rganib, rivojlangan davlatlarda ishlash imkoniga ega bo‘lishmoqda.
Yoshlar ishlari boshqarmasi Farg‘ona shahar hokimligi bilan hamkorlikda texnikumda yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rgatish kurslarini tashkil etish hamda ularni Yevropa mamlakatlariga ishga yuborish bo‘yicha ishlar boshlanayotganini ma’lum qildi.
Viloyat rahbari bu yerdagi imkoniyatlardan foydalangan holda xalqaro ta’lim dasturlariga yoshlarni kengroq jalb etish, shu orqali ularni yuqori daromadli ish bilan ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Shuningdek, texnikumning o‘quv ustaxonalaridagi jarayon bilan tanishildi.









