Farg‘onada suv sporti turlarini rivojlantirish yangi bosqichga ko‘tariladi
2026-11-04 20:30:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona shahrida joylashgan suv sporti turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabida bo‘lib, muassasa faoliyati, sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar hamda erishilayotgan natijalar bilan tanishdi.
Ayni paytda mazkur sport maktabida 179 nafar sportchi suv sportining turli yo‘nalishlari bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar olib bormoqda. Maktab tarbiyalanuvchilari respublika va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etib, yuqori natijalarni qayd etmoqda.
Xususan, 2025-yilda O‘zbekiston kubogi va mamlakat chempionatlarida 34 ta oltin, 66 ta kumush va 122 ta bronza medali qo‘lga kiritilgan. 2026-yilning o‘tgan davrida esa ushbu musobaqalarda 8 ta oltin, 12 ta kumush va 19 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. Shuningdek, yil boshidan buyon 27 nafar yangi iqtidorli sportchi saralab olindi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham e’tibor qaratildi.
Viloyat hokimi soha mutaxassislari bilan suv sporti turlarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish, sportchilar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Mutasaddilarga sport maktabi faoliyatini yanada takomillashtirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish va suv sporti turlarini viloyatda yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha zarur topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.




