"NЕFTCHI" — G‘ALABADA HAM, SINOVLI KUNLARDA HAM BIRGAMIZ!
2026-11-04 17:20:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda "Neftchi" atrofida tarqalayotgan turli asossiz gap-so‘zlar, mish-mishlar va muhokamalarga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jamoa taqdiriga befarq bo‘lmaslik, uning yutuq va kamchiliklariga munosabat bildirish tabiiy ekani, biroq har qanday fikr xolislik va asosli dalillarga tayanishi lozimligi ta’kidlandi.
Xayrullo Bozorov haqiqiy muxlislik faqat g‘alabalarni nishonlashdan iborat emasligi, balki jamoa qiyinchiliklarga duch kelgan paytda ham uning yonida turish, yelkadosh bo‘lish va qo‘llab-quvvatlashda namoyon bo‘lishini qayd etdi.
Bu borada Germaniyaning mashhur "Shalke-04" va "Fortuna Dyusseldorf" klublari misoli keltirildi.
Ushbu jamoalar o‘z tarixida turli qiyinchiliklarni boshdan kechirib, yuqori ligalardan tushib ketgan davrlarda ham sodiq muxlislari ularni tark etmagan. Aksincha, quyi liga uchrashuvlarida ham minglab muxlislar stadionlarni to‘ldirib, o‘z jamoalariga doimiy madad berib kelgan. Bu esa klubga sadoqat va haqiqiy muxlislik madaniyatining yorqin namunasidir.
Shuningdek, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida futbolni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor, amalga oshirilayotgan islohotlar, futbolda shaffoflik va sog‘lom raqobat muhitini mustahkamlash borasidagi ishlar o‘zbek futboli taraqqiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratayotgani ta’kidlandi.
Milliy terma jamoamizning jahon chempionatiga yo‘llanma olgani ham yurtimizda futbolga qaratilayotgan e’tiborning muhim natijalaridan biridir.
Uchrashuvda chempionat yakunlanishiga atigi beshta tur qolgani, oldindagi har bir uchrashuv hal qiluvchi ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi. Endi har bir o‘yin — final, har bir ochko esa oltinga teng!
Ayni shu mas’uliyatli pallada futbolchilar, murabbiylar, klub rahbariyati va muxlislar bir maqsad yo‘lida jipslashishi, jamoani har bir uchrashuvda astoydil qo‘llab-quvvatlashi muhimligi qayd etildi.
Mavsum yakunida "Neftchi"ning chempionlikka erishishi barchamizning ezgu niyatimiz va umumiy maqsadimiz ekani, bu yo‘lda muxlislarning ishonchi, sadoqati va doimiy madadi katta kuch bo‘lishi ta’kidlandi.
Zero, "Neftchi" — shunchaki futbol klubi emas. U Farg‘ona xalqining ko‘p yillik tarixi, g‘ururi, iftixori va bir necha avlodni birlashtirib kelayotgan umumiy qadriyatidir. Endilikda barchamizdan jamoa atrofida birdamlikni mustahkamlash, asossiz mish-mishlar o‘rniga xolis fikr va amaliy takliflarga tayanish, stadionlarda sog‘lom va madaniyatli muxlislik muhitini shakllantirish talab etiladi.
Keling, chempionatning qolgan beshta uchrashuvida ham Neftchini yolg‘iz qoldirmaylik! Stadionlarni to‘ldirib, futbolchilarimizga kuch va ishonch bag‘ishlaylik. G‘alabalarda ham, qiyinchiliklarda ham bir safda bo‘laylik!
Neftchi — bizning faxrimiz! Chempionlik sari birgalikda!





