Sirdaryolik bir guruh xotin-qizlar Farg‘onada
2026-11-04 09:30:00 / Yangiliklar

Tashrif doirasida mehmonlar Oltiariq tumanining Zilol mahallasida joylashgan "Oltiariq agrostar" agromajmuasida bo‘ldilar. Delegatsiya a’zolariga agromajmuada uzum yetishtirish, hosilni sovutkichli omborlarda saqlash va qadoqlash, eksportbop navlar, issiqxonada uzum yetishtirish hamda ko‘chat tayyorlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, aholi tomorqalari va bog‘laridagi tuproq tarkibini laboratoriya tahlilidan o‘tkazish amaliyoti tanishtirildi. Xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tomorqadan daromad olish va uzumchilikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan tajriba almashildi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Quva tumanining Qoraqum va Yangichek mahallalarida ko‘chatchilik, gulchilik, xususan, atirgulchilik yo‘nalishidagi tadbirkorlik faoliyati bilan ham tanishdilar. Yangichek mahallasida tadbirkor Barnoxon Ashurova tomonidan yo‘lga qo‘yilgan manzarali daraxtlar va turli gul ko‘chatlarini yetishtirish tajribasi mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi. Tadbirkor ko‘chatlarni yetishtirish va parvarishlash jarayonlari, ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Sirdaryolik mehmonlar Farg‘ona tumanidagi xonadonlarda ham bo‘lib, malina va o‘rikni qayta ishlash hamda qadoqlash ishlarini o‘rgandilar.
Muloqotlarda agrar sohada xotin-qizlar ishtirokini kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va o‘rganilgan tajribalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.






