Farg‘ona viloyati delegatsiyasi XV Xitoy xalqaro xorijiy investitsiyalar yarmarkasida ishtirok etmoqda
2026-11-03 09:00:00 / Yangiliklar

Mazkur nufuzli tadbirda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Xitoyning xorijiy investitsiyalarni rivojlantirish assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan yarmarkada davlat idoralari, xalqaro tashkilotlar, investitsiya kompaniyalari va biznes doiralarining 2 mingdan ortiq vakili qatnashmoqda.
Ochilish marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorovning tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan videotabrigi namoyish etildi.
Yarmarka xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, istiqbolli loyihalarni ilgari surish hamda xitoylik investorlar va xorijiy hamkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan.
Tadbir doirasida Farg‘ona viloyati uchun ajratilgan ko‘rgazma maydonida mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan eksportbop mahsulotlar namoyish etilmoqda. Ekspozitsiya orqali viloyatning sanoat va eksport salohiyati, ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlari hamda hamkorlik imkoniyatlari xorijiy ishbilarmonlarga taqdim etilmoqda.
Shuningdek, yarmarkadagi ishtirok viloyatning sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport-logistika, turizm va axborot texnologiyalari sohalaridagi investitsiya loyihalarini ilgari surish, yangi hamkorlarni jalb etish hamda qo‘shma korxonalar tashkil qilish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.









