O‘rmon xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish korxonasi bilan tanishildi
2026-10-31 18:15:00 / Yangiliklar

Mazkur korxona Belarusning yirik mashinasozlik birlashmalaridan biri — “AMKODOR” xoldingi tarkibiga kirib, o‘rmon xo‘jaligi va yog‘och tayyorlash sanoati uchun zamonaviy maxsus texnikalar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Korxonada daraxtlarni kesish, shoxlaridan tozalash va belgilangan o‘lchamlarda bo‘laklarga ajratishga mo‘ljallangan xarvesterlar, kesilgan yog‘ochlarni tashish uchun forvarderlar hamda o‘rmon xo‘jaligida foydalaniladigan boshqa turdagi maxsus mashinalar ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish jarayonlarida zamonaviy muhandislik yechimlari, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari va yuqori texnologiyali uskunalardan foydalaniladi. Bu esa o‘rmon xo‘jaligi ishlarini mexanizatsiyalashtirish, mehnat unumdorligini oshirish va ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Korxonada 2025-yilda 80 dona maxsus texnika ishlab chiqarilgan bo‘lib, 2026-yilda ushbu ko‘rsatkichni 120 donaga yetkazish rejalashtirilgan. Istiqbolda ishlab chiqarish quvvatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari korxonaning ishlab chiqarish quvvatlari, texnologik jarayonlari va tayyor mahsulotlari bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida mashinasozlik sohasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, maxsus texnikalardan foydalanish hamda Belarus tajribasini o‘rganish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.









