Farg‘ona viloyati delegatsiyasi "Xatin" memorial majmuasini ziyorat qildi
2026-10-31 17:15:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolari dastlab memorial majmua hududidagi muzey bilan tanishdi.
Bu yerda Ikkinchi jahon urushi yillarida Belarus xalqi boshidan kechirgan og‘ir sinovlar, fashistlar tomonidan tinch aholiga nisbatan sodir etilgan jinoyatlar, vayron qilingan qishloqlar va urush qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan tarixiy ekspozitsiyalar namoyish etilgan.
Ma’lumot o‘rnida, 1943-yil 22-mart kuni Xatin qishlog‘i fashist jazolovchi bo‘linmalari tomonidan butunlay yo‘q qilingan. Ushbu fojia oqibatida 149 nafar tinch aholi vakili, jumladan, 75 nafar bola halok bo‘lgan. Qishloqdagi 26 ta xonadon vayron qilingan.
1969-yil 5-iyulda mazkur fojia sodir bo‘lgan hududda "Xatin" memorial majmuasi ochilgan. U Ikkinchi jahon urushi davrida fashistlar tomonidan vayron qilingan Belarus qishloqlari va tinch aholi qurbonlari xotirasini abadiylashtiruvchi muhim tarixiy yodgorlik hisoblanadi.
Muzey bilan tanishuvdan so‘ng Farg‘ona viloyati delegatsiyasi memorial majmuani ziyorat qildi. Majmuadagi "Bo‘ysunmas inson" haykali, vayron qilingan 26 ta xonadon o‘rnida barpo etilgan ramziy yodgorliklar, "Qishloqlar qabristoni" va boshqa xotira maskanlari bilan tanishildi.
Delegatsiya a’zolari urush qurbonlari xotirasini chuqur ehtirom bilan yod etib, ularning xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. "Xatin" memorial majmuasi nafaqat Belarus xalqining fojiali o‘tmishini, balki butun insoniyat uchun tinchlikning naqadar bebaho ne’mat ekanini eslatib turuvchi tarixiy xotira maskani hisoblanadi.









