Yoqilg‘i granulalari ishlab chiqarish tajribasi Farg‘onada ham joriy etilmoqda
2026-10-31 13:35:00 / Yangiliklar

Mazkur xo‘jalikning “Nemanitsa” yog‘ochni qayta ishlash majmuasida zamonaviy texnologiyalar asosida muqobil yoqilg‘i turlaridan biri — pelletlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
Pelletlar asosan yog‘ochni qayta ishlash jarayonida hosil bo‘ladigan qipiq, mayda yog‘och bo‘laklari va boshqa qoldiqlardan tayyorlanadi. Bu esa ishlab chiqarish chiqindilaridan samarali foydalanish, tabiiy resurslarni tejash va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Korxonaning yillik loyihaviy ishlab chiqarish quvvati 30 ming tonnani tashkil etadi. O‘rnatilgan zamonaviy uskunalar yordamida soatiga 4 tonnagacha yoqilg‘i granulalari tayyorlash imkoniyati mavjud. Tayyor mahsulotlar sanoat korxonalari, ijtimoiy soha obyektlari va aholi xonadonlarini isitishda foydalanish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 15 kilogrammlik hamda yirik hajmli maxsus qoplarda qadoqlanadi.
Delegatsiya a’zolari ishlab chiqarishning texnologik jarayonlari, xomashyoni qayta ishlash, tayyor mahsulotni qadoqlash va saqlash sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar.
Tashrif davomida mazkur yo‘nalishdagi ilg‘or tajribalarni Farg‘ona viloyatida joriy etish, mahalliy xomashyo va ishlab chiqarish qoldiqlaridan samarali foydalanish hamda muqobil yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarishni rivojlantirish imkoniyatlariga e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, kuni kecha Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida ham Belarus bilan hamkorlikda pellet ishlab chiqarish loyihasiga start berildi. Belarus tajribasini o‘rganish ushbu loyihani zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish va hududda muqobil yoqilg‘i ishlab chiqarish hajmini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.









