Yog‘ochni qayta ishlash va mebelchilikdagi ilg‘or tajribalar Farg‘onada qo‘llaniladi
2026-10-30 13:35:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolari Minsk viloyatining Molodechno shahrida joylashgan, tabiiy yog‘ochdan mebellar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan mashhur «Minskiy mebelniy sentr» (MMZ) qo‘shma korxonasi faoliyati bilan tanishdilar.
Mazkur korxona mebellarni asosan tabiiy qarag‘ay yog‘ochidan tayyorlaydi. Mahsulotlar mutlaqo ekologik tozaligi va xonaga yoqimli tabiiy ifor berishi bilan ajralib turadi. Bu yerda yotoqxona, mehmonxona, bolalar va o‘smirlar xonalari, oshxona hamda dahlizlar uchun mo‘ljallangan sifatli shkaflar, karavotlar, komodlar, bufetlar, stol va stullar ishlab chiqariladi.
Korxona yiliga qariyb 85 ming kub metr yumaloq yog‘och materiallarini chuqur qayta ishlash quvvatiga ega.
Yog‘och tilish (lesopilka) ishlari Krupskiy va Ilya posyolkalaridagi maxsus sexlarda bajariladi. Zavodda har yili tabiiy qarag‘ay massividan 20 ming donadan ortiq tayyor mebel to‘plamlari tayyorlanadi.
Bu yerda yog‘och chiqindilarini to‘liq utilizatsiya qilish va qayta ishlash maqsadida ekologik toza yonilg‘i granulalari (pelletlar) va yog‘och briketlari ishlab chiqarish ham yo‘lga qo‘yilgan. Korxona yuqori quvvat bilan ishlagani bois tayyor mahsulotlarining 93 foizini eksportga yo‘naltiradi. Asosiy bozorlari — Rossiya, Qozog‘iston, Sharqiy va G‘arbiy Yevropa hamda Shimoliy Amerika davlatlaridir.
Yog‘och tilish zavodi rahbari Vasiliy Silis delegatsiya a’zolariga ish jarayoni va mahsulot turlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Muloqot davomida Farg‘ona viloyatida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari muhokama qilinib, kelgusida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.









