Farg‘ona va Minsk viloyatlari hamkorligi: yangi qo‘shma loyihalarga start berildi
2026-10-29 20:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda ikki hudud o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqot davomida viloyat hokimi O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik maqomiga ega bo‘lganini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli savdo-iqtisodiy, hududlararo va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanib, amaliy bosqichga o‘tgani qayd etildi.
— Muntazam aloqalar, shubhasiz, o‘z samarasini bermoqda. Mening Farg‘ona viloyatiga tashrifim doirasida viloyatlarimiz, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar imzolangan, turli mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan edi, — deya ta’kidladi Aleksey Kushnarenko. — Birgalikda tashkil etilgan biznes-forum hamda delegatsiya tashrifi doirasida rejalashtirilgan uchrashuvlar yangi natijalar olib kelishiga umid qilaman.
Uchrashuvda tomonlarning eksport va import imkoniyatlari alohida ko‘rib chiqildi. Minsk viloyati Farg‘onaga oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, urug‘lar, ko‘chatlar, mebellar, yog‘ochsozlik mahsulotlari hamda o‘t o‘chirish texnikalarini yetkazib berishga tayyorligini bildirdi. Farg‘ona viloyati esa Minsk hududiga yangi uzilgan va qayta ishlangan meva-sabzavotlar hamda yengil sanoat uchun zarur bo‘lgan xomashyolarni eksport qilishdan manfaatdor. Muloqot davomida Minsk viloyatida chorvachilik tarmog‘ini tashkil qilish, mebelchilik, mashinasozlik, energiya samaradorligi yo‘nalishlardagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.
Uchrashuv doirasida ikki hudud o‘rtasida teleko‘prik tashkil etilib, investitsiyaviy loyihalarga start berildi.
Xususan, Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida g‘o‘zapoyadan yoqilg‘i granulalari (pellet) ishlab chiqaruvchi zavod qurilishiga ilk tamal toshi qo‘yildi. Buvayda tumanida esa Belarus yog‘och-taxta mahsulotlari yirik omborining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona va Minsk viloyatlari o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini izchil rivojlantirish va hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga mo‘ljallangan 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan «yo‘l xaritasi» imzolandi.









