Farg‘ona va Minsk viloyatlari o‘rtasida yangi iqtisodiy ko‘prik: tadbirkorlarning biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2026-10-29 20:10:00 / Yangiliklar

Belarus savdo-sanoat palatasining Minsk bo‘limi va Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir ikki davlat rahbarlari tomonidan belgilab berilgan hududlararo strategik sheriklikni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga hamda iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.
"Minsk va Farg‘ona viloyatlari: umumiy o‘sish strategiyasi" mavzusidagi forumning ochilishida Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Islom Madaminov, Minsk viloyati ijroiya qo‘mitasi ish boshqaruvchisi Aleksandr Logvin O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichda rivojlanib borayotganligini ta’kidladilar.
Biznes forumda Belarusdagi biznes muhit hamda Farg‘ona viloyatining iqtisodiy va sanoat salohiyati, xorijiy investorlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, viloyatda mavjud erkin iqtisodiy zona va kichik sanoat zonalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Sanoat kooperatsiyasi va avtomobilsozlik, to‘qimachilik va yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati kabi yo‘nalishlardagi loyihalar bo‘yicha hamkorlik masalalari haqida so‘z yuritildi.
Tadbir doirasida ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri B2B formatidagi muzokaralar tashkil etildi.
Uchrashuvlar yakunida yigirmaga yaqin Farg‘ona viloyatining eksport hajmini oshirish, hududga Belarusning ilg‘or texnologiyalari va investitsiyalarini jalb qilish, shuningdek, o‘zaro mahsulot yetkazib berishni ko‘zda tutuvchi qator istiqbolli bitim va memorandumlar imzolandi.









