Chorvachilik sohasidagi ilg‘or tajribalar o‘rganildi
2026-10-28 22:05:00 / Yangiliklar

Delegatsiya a’zolari Minsk shahridagi «Belplemjivob’edineniye» — Belarus nasldor chorvachilik davlat birlashmasi faoliyati bilan tanishdi.
Mazkur birlashma nasldor chorvachilikni rivojlantirish, seleksiya va genetika sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, chorva mollarining nasliy sifatini yaxshilash hamda mahsuldorligini oshirishga ixtisoslashgan. Shuningdek, zamonaviy reproduktiv texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida faoliyat olib boradi. Birlashmaning tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘limi boshlig‘i Yuriy Zikov delegatsiya a’zolariga tashkilot faoliyati, naslchilik sohasida erishilgan natijalar va qo‘llanilayotgan ilg‘or texnologiyalar haqida ma’lumot berdi. Birlashma tizimida 6 ta viloyat naslchilik korxonasi, nasldor buqalarni yetishtirishga ixtisoslashgan respublika korxonasi hamda sut sifatini aniqlash laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda. Belarus Respublikasida sut yo‘nalishidagi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi 942 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi mavjud bo‘lib, ularning 53 tasi naslchilikka ixtisoslashgan. Mamlakatda sigirlar soni 1 million 358 ming boshni tashkil etadi. Bugungi kunda birlashma O‘zbekiston bilan ham hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Muloqot davomida Farg‘ona viloyatida chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, nasldor chorva mollari sifatini yaxshilash, sut mahsuldorligini oshirish hamda Belarus tajribasidan samarali foydalanish masalalariga e’tibor qaratildi. Shuningdek, sohada o‘zaro tajriba almashish, zamonaviy seleksiya va genetika texnologiyalarini joriy etish hamda istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlari yuzasidan fikr almashildi.




