Farg‘ona jurnalistikasi ustozi Doniyor Ergashev 90 yoshda
2026-10-24 13:45:00 / Yangiliklar

Shu munosabat bilan Farg‘ona shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazida viloyat hokimligi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi, “Yangi Farg‘ona” gazetasi tahririyati, “Farg‘ona viloyati teleradiokanali” davlat muassasasi hamda hamkor tashkilotlar ishtirokida tadbir tashkil etildi. Unda ustozning hamkasblari, shogirdlari, jamoatchilik vakillari hamda oila a’zolari qatnashdi.
Dastlab viloyat hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning ustozning qutlug‘ 90 yoshi munosabati bilan yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Tabrikda Doniyor Ergashevning el-yurt xizmatiga bag‘ishlangan umri, soha rivojiga qo‘shgan hissasi va fidokorona mehnati alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida ustozning sermazmun hayot yo‘li va kasbiy faoliyatiga to‘xtalib o‘tildi. Uning viloyat teleradioqo‘mitasida rahbar, viloyat hokimligi muassisligidagi gazetalarda bosh muharrir sifatida olib borgan faoliyati Farg‘ona jurnalistikasi tarixida muhim o‘rin tutadi.
Doniyor Ergashev yarim asrdan ziyod umrini jurnalistikaga bag‘ishlab, viloyatning ijtimoiy-siyosiy va ma’naviy hayotini yoritish, xalqning orzu-intilishlari va bunyodkorlik mehnatini qalamga olishga munosib hissa qo‘shdi. Uning so‘zga mas’uliyat bilan yondashuvi, kasbiga sadoqati va boy tajribasi ko‘plab yosh jurnalistlar uchun ibrat maktabiga aylandi.
Ustozning jurnalistika sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari munosib taqdirlanib, unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” faxriy unvoni berilgan.
Bugun ham matbuot yangiliklarini kuzatib borishi, kasbiga bo‘lgan mehri va hayotga faol munosabati bilan yosh avlodga namuna bo‘lib kelmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan va ustozning hayoti hamda faoliyatiga bag‘ishlangan videolavhada uning nafaqat jurnalist sifatidagi mahorati, balki sog‘lom turmush tarziga amal qilishi, jismoniy faollikni targ‘ib etishi ham alohida ta’kidlandi.
Ustozning ushbu yo‘nalishdagi ibratli hayot tarzi e’tirof etilib, unga viloyat sport boshqarmasining tashakkurnomasi hamda ko‘krak nishoni topshirildi.
Tadbir ishtirokchilari Doniyor Ergashevni qutlug‘ yoshi bilan muborakbod etib, unga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xotirjamlik va xonadoniga fayzu baraka tiladilar.
Tantana davomida ustozga esdalik sovg‘alari topshirildi.









