Ta’lim muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda
2026-10-23 18:05:00 / Yangiliklar

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun So‘x tumanida bo‘lib, dastlab ta’lim muassasalarida olib borilayotgan qurilish va ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Yangiariq mahallasidagi 2-sonli umumta’lim maktabida 8 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 330 o‘rinli yangi o‘quv binosi barpo etilmoqda. Shuningdek, o‘quv binosi rekonstruksiya qilinmoqda.
Viloyat rahbari mazkur jarayonni ko‘zdan kechirdi.
Hozirda maktabda 881 nafar o‘quvchi ikki smenada tahsil olmoqda. Yangi binoning foydalanishga topshirilishi natijasida ta’lim jarayonini bir smenada tashkil etish imkoniyati yaratiladi. Loyiha doirasida zamonaviy sinf xonalari, o‘quv va yordamchi xonalar hamda zarur infratuzilma tashkil etiladi.
Viloyat hokimi hududdagi 30-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida olib borilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. Ushbu maqsadlar uchun 2 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ayni paytda mazkur muassasada 8 ta yo‘nalish bo‘yicha 162 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarning musiqa va san’at sohasidagi iqtidorini rivojlantirish, ularning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi.
Viloyat hokimi ta’lim muassasalaridagi qurilish va ta’mirlash ishlarini belgilangan muddatlarda, sifatli yakunlash, ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.









