Qishloq xo‘jaligida hamkorlik ko‘lami kengaymoqda
2026-10-22 20:40:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda qishloq xo‘jaligi sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish, ilmiy tajriba almashish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot avvalida viloyat hokimi Farg‘ona va Misr o‘rtasidagi tarixiy rishtalarga to‘xtalib o‘tdi. IX asrda yashab, jahon ilm-fani rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodimiz Ahmad al-Farg‘oniyning Nil daryosi suv sathini o‘lchashga mo‘ljallangan mashhur nilometrni barpo etish ishlarida ishtirok etgani ta’kidlandi. Ushbu inshoot daryo suvi sathini kuzatish va qishloq xo‘jaligi ishlarini rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etgan. Al-Farg‘oniyning Misrdagi ilmiy merosi ikki hududni tarix va ilm-fan orqali bog‘lab turuvchi muhim rishtalardan biri ekanligi e’tirof etildi. Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish ushbu aloqalarni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilishi aytildi.
Delegatsiya rahbari Axmed Gamea Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari markazining asosiy faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi. Markazning qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi navlarini yaratish, ilg‘or agrotexnologiyalarni ishlab chiqish, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, ilmiy ishlanmalarni fermer xo‘jaliklariga joriy etish borasidagi tajribasi hamkorlik uchun muhim imkoniyat sifatida qayd etildi. Markaz tarkibidagi ilmiy-tadqiqot institutlari va laboratoriyalar salohiyatidan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligiga ilmiy yondashuv va zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda “Uzagrostar xolding” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.
Kelgusidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari kelishib olindi.


