Farg‘onalik yosh sportchilar Prezident olimpiadasida yuksak natijalarni maqsad qilgan
2026-10-22 15:55:00 / Yangiliklar

Farg‘ona davlat universitetida bo‘lib o‘tgan muloqotda viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i Nodirbek Hakimov “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” hamda uning final bosqichi - Prezident olimpiadasi musobaqalari doirasida amalga oshirilgan ishlar, ishtirokchilar qamrovi hamda tayyorgarlik jarayonlari haqida axborot berdi.
Joriy yilda “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarida viloyat bo‘yicha 21 ta sport turi kesimida 26 ming 993 nafar sportchi ro‘yxatdan o‘tgan. Prezident Olimpiadasi respublika bosqichiga viloyatdan jami 360 nafar, shundan 255 nafar sportchi, 95 nafar murabbiy va 10 nafar delegatsiya a’zolari borishi rejalashtirilgan.
Mazkur sportchilardan 33 nafarini parasportchilar tashkil etmoqda. Musobaqalarga puxta tayyorgarlik ko‘rish, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning munosib ishtirokini ta’minlash maqsadida viloyat hokimligi tomonidan amaliy yordam ko‘rsatilib, moddiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tadbirda so‘z olib, Prezidentimiz tashabbusi bilan islohotlarning ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi. O‘tgan yildan boshlab eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi o‘yinlari tashkil etilayotgani ham yoshlarimiz uchun muhim maydon bo‘lganligi qayd etildi.
Prezident olimpiadasi yoshlar uchun o‘z iqtidorini namoyon etish, mahalladan boshlab katta sport sari dadil qadam tashlashga yo‘l ochmoqda. Musobaqalarning quyi bosqichdan boshlanishi esa iqtidorli yoshlarni aniqlash va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Viloyat hokimi sportchilarni oldilariga katta maqsad va marralar qo‘yishga, g‘alaba uchun astoydil mehnat qilishga chorladi. - Marrani baland olinglar, faqat g‘alaba uchun harakat qilinglar! Olimpiya o‘yinlari va jahon chempionatlarida yurtimiz sharafini munosib himoya qilishni maqsad qilib, bugundanoq astoydil mehnat qilish kerak, — dedi Xayrullo Bozorov.
Beshariq tumanidagi 2-son sport maktabi direktori Rustam Majidov sportchilar, murabbiylar va ota-onalar nomidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuvda yosh sportchilar ham so‘zga chiqib, bildirilgan ishonchni oqlashga, musobaqalarda munosib natijalar ko‘rsatib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etishga va’da berdilar.









