Farg‘onada AQSHning istiqbolli uzum navlari yetishtiriladi
2026-10-22 13:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, AQSHning “Grapa Global” kompaniyasi bosh direktori Rafi Karniel, Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuhurov, tegishli viloyat boshqarmalari rahbarlari, xorijiy hamkorlar, fermerlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Dastlab seminar ishtirokchilari Amerikaning “Grapa Global” kompaniyasiga qarashli “ARRA” seleksiyasining danaksiz uzum navlari bilan tanishdilar.
Seminarning ochilish marosimida viloyat hokimi ushbu anjumanni tashkil etish tashabbusi uchun kompaniya rahbariyati va barcha hamkorlarga minnatdorlik bildirib, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlar izchil va jadal, yangi bosqichda rivojlanib borayotganiga to‘xtalib o‘tdi.
Kuni kecha Samarqandda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi vazirlar uchrashuvi, unda AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning ishtiroki hamda yirik ishbilarmonlar delegatsiyasining tashrifi tarixiy voqea bo‘lgani, ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikda yangi yo‘nalishlarga keng yo‘l ochgani ta’kidlandi.
Xususan, AQSHning “Grapa Global” kompaniyasi bilan viloyatimizda boshlangan hamkorlik ham ana shu yo‘ldagi sa’y-harakatlarning amaliy samarasi ekanligi bildirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalarda, xususan qishloq xo‘jaligida ham tub o‘zgarishlar, islohotlar amalga oshirilib, ilm-fan, yangi texnologiyalar kirib kelayotgani qayd etildi.
Uzumchilik viloyat qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlaridan biri bo‘lib, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, eksport salohiyatini yuksaltirishda alohida o‘rin tutadi. Ayni paytda viloyatda 400 dan ziyod fermer xo‘jaligi 4,5 ming gektar maydonda uzum yetishtirmoqda. Shundan 3,4 ming gektari, ya’ni qariyb 76 foizi Oltiariq tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bugungi kunda jahon bozorida danaksiz uzum navlariga talab ortib, mahsulot sifati, tashqi ko‘rinishi va saqlash xususiyatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois zamonaviy navlarni joriy etish, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanish orqali mahsulotning qo‘shilgan qiymati hamda eksportbopligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
— Ayniqsa, jahonda urug‘siz uzum navlariga qiziqish yuqori. Bunday navlarni yetishtirish mahsulotning qo‘shilgan qiymatini oshirib, eksportdan olinadigan daromadni ko‘paytirish imkonini beradi, — dedi Xayrullo Bozorov.
Ushbu navlar o‘zining danaksizligi, a’lo ta’mi, jozibador ko‘rinishi, yuqori hosildorligi va uzoq saqlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Eng muhimi, ular uzoq masofalarga tashish va savdo jarayonida sifatini yo‘qotmaslik talablariga to‘liq javob bergani bois eksport uchun g‘oyat qulaydir. Shuningdek, viloyatda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan “Agrostar” loyihalari va yangi dasturlar, jumladan, uzumchilik maydonlarini ikki barobarga oshirish rejalari xususida so‘z yuritildi.
Kompaniya bilan hamkorlikda boshlanayotgan ishlar uzumchilikni rivojlantirishda yangi bosqichga xizmat qilishi aytib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Jamshidjon Abduzuxurov mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mahsulot yetishtirish hajmini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Farg‘onada boshlangan hamkorlik katta tajriba bo‘lishligi haqida so‘z yuritdi.
“Grapa Global” kompaniyasi bosh direktori Rafi Karniel kompaniya faoliyati, urug‘siz uzum navlarining xususiyatlari va zamonaviy uzumchilikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida taqdimot qildi. U Farg‘ona viloyatining qulay iqlim sharoitlari va mahalliy dehqonlarning mehnatkashligini yuqori baholab, hamkorlikni tezroq amaliy bosqichga olib chiqishga qiziqish bildirdi.
Hamkorlik faqat ko‘chat yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ham ko‘mak ko‘rsatish rejalashtirilgan. Kompaniya hozirda Farg‘onaga 10 xil urug‘siz uzum navini olib kirishni maqsad qilgan.
Seminar doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zagrostar” xoldingi, Farg‘ona viloyati hokimligi hamda AQSHning “Grapa Global LLC” kompaniyasi o‘rtasida uzumchilikni rivojlantirish, ko‘chatlar importini yo‘lga qo‘yish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini kengaytirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.
Seminar mutaxassislarning ma’ruzalari, savol-javoblar va o‘zaro tajriba almashish bilan davom etdi.
Ushbu tashabbus Amerikaning “ARRA” seleksiyasiga mansub danaksiz uzum navlarini O‘zbekistonda joriy etish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan strategik qadamni aks ettiradi.
Mahalliy korxonalar va dehqonlar hamkorligida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha fermerlar daromadini oshirish va jahon bozorida raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirish uchun muhim imkoniyat yaratadi.









